Deputat sayyor qabul va jamoatchilik nazorati tadbirlarini tashkillashtirdi

25.01.2024, 15:28

Deputat sayyor qabul va jamoatchilik nazorati tadbirlarini tashkillashtirdi

Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar inson dardu tashvishlarini yengillatish, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan bo‘lib, xalq bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim ishlayapti. Buni joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullarning yo‘lga qo‘yilishi ortidan odamlarda muammolarini ijobiy yechim topishi mumkinligiga katta umid va ishonch uyg‘onganida ham ko‘rishimiz mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov o‘z saylov okrugida bo‘lib, bu yerda “O’zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi yuzasidan biriktirilgan maqsadlar doirasida deputatlik va jamoatchilik nazorati tadbirlarini tashkil etdi.

Deputat tomonidan Oxangaron shahrida takshil qilingan sayyor qabullarda shahar hokimi Akrom Eshonqulov bilan birgalikda fuqarolarning sog‘liqni saqlash, uy-joy bilan ta’minlanish, ijtimoiy ta’minot, ta’lim, tadbirkorlik faoliyati, mol-mulkka nisbatan bo‘lgan huquqini tiklash, nafaqalar tayinlanishiga doir qator muammolari tinglandi. Murojaatchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarga joyida ijobiy yechim topish choralari ko‘rilib, ularga amaliy yordam, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan huquqiy maslahatlar berildi.

Deputat shuningdek, shahardagi Yoshlar markazida ham bo‘lib, o‘z biznesi va xususiy tadbirkorligini boshlash, samarali yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lgan bir guruh ohangaronlik yoshlar bilan ham uchrashdi. Shijoat va kuch-g‘ayratga to‘la yoshlarning biznes va tadbirkorlikka doir taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishdi. Biznes rejalarini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi. Ularga mamlakatimizda biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar, sohaning huquqiy bazasi, soliq va boshqa imtiyozlar, qulaylik va imkoniyatlar haqida zaruriy ma’lumotlar berdi.

Atxam Nazirqulov o‘z saylovchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning muqaddimasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida belgilangan muhim normani kiritilishi yuksaklik sari intilayotganimizdan dalolat ekani xususida so‘z yuritdi.

Uning ta’kidlashicha, aholi ko‘targan muayyan masalalar deputat so‘rovlari asosida tegishli mansabdor shaxslar tomonidan ijobiy hal etilishi natijasida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanmoqda.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotadi. Ayni shuning uchun ham xalq bilan ochiq va samimiy muloqot olib borish, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni batafsil o‘rganish va uni hal qilish choralarini ko‘rish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatining asosiy mezoniga aylangan.

Xususan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida shikoyat, arizalar va takliflar ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring amalga oshirilib, ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilgan.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    64
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+