Kosonlik tadbirkor o‘z xonadonidan 100 million so‘mga yaqin daromad topmoqda

01.02.2024, 12:17

Kosonlik tadbirkor o‘z xonadonidan 100 million so‘mga yaqin daromad topmoqda

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi hamda Koson tuman kengashlari hamkorligida   “Mening serdaromad bog‘im” loyihasi doirasida tumandagi “Shirinobod” mahallasidagi oilaviy tadbirkorlar faoliyatini o‘rgandilar.

Dastlabki manzil G’ayrat Husenov xonadoni bo‘ldi. U gulchilik bilan shug‘ullana boshlaganiga 10 yildan oshdi. Ayni paytda 6 sotix maydondagi issiqxonada o‘ttizdan ortiq yer va tuvak gullarni yetishtirib, har yili 100 million so‘m sof daromad topmoqda.

- Gulchilik anchagina mashaqqatli kasb sanaladi, - deydi kosonlik oilaviy tadbirkor G’ayrat Husenov. – Tunu kun issiqxonada  haroratni bir xilda saqlab turish uchun bedor bo‘lish kerak. Gul urug‘larini ekkanimizdan so‘ng, ko‘karib chiqqach, qaytadan saralab idishchalarga bittalab qadab  chiqamiz.  Xaridorlar juda ko‘p. Uydan kelib olib ketishadi. Gullarni vohadagi Kitob, Shahrisabz va Kasbi tuman bozorlarida sotamiz. O’tgan yilgi daromaddan yangi Kobalt mashinasi oldik. 15 nafar mahalladoshimizni mavsumiy ish bilan ta’minlaganman.

         Uning mahalladoshi Xushvaqt Huseynov esa 3 sotix issiqxonada ko‘kat yetishtirib, yiliga  5-6 million so‘m daromad topmoqda. Yil davomida uning issiqxonasida salat bargi, kashnich, ko‘k  piyoz, shivit, chesnok va petrushka uzilmaydi. Ko‘katlar qirqib olishgach, yer maydoni oziqlantirilib, sug‘oriladi. O’n kunga qolmay mahsulot terib olishingiz mumkin.

-Kengashimiz deputatlari tomonidan tumandagi tadbirkorlar faoliyati muntazam o‘rganilib, ularni  qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga harakat qilayapmiz,- deydi viloyat kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi mudiri Ulug‘bek Javliyev. - Bugungi kunda mazkur mahallada yuzdan ortiq oila tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. G’ayrat Husenov yangi issiqxona qurish uchun moliyaviy ko‘mak olishda amaliy yordam berishimizni so‘radi. Xushvaqtga esa issiqxona maydonini  kengaytirish uchun joy kerak ekan. Deputatlarimiz tomonidan ular ko‘targan masalalar nazoratga olinib, tez kunlarda ijobiy natijaga erishiladigan bo‘ldi.  

 

  • Ko'rildi
    80
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+