Deputat ko‘magida Xontepa mahallasi aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi

02.02.2024, 17:47

Deputat ko‘magida Xontepa mahallasi aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Shahrisabz tumanidagi Yangiqishloq va Xontepa mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qishloqlarda 6600 nafar aholi istiqomat qiladi. Saylovchilar toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yuzasidan amaliy yordam so‘rab,  5-Kesh saylov okrugidan Xalq deputatlari Shahrisabz tuman kengashi deputati Arslon Uzoqovga murojaat etishganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.   Deputat hududdagi qishloqlarni aylanib, aholi bilan muloqot chog‘ida bu muammoni hal etib berishga so‘z bergan edi. Qisqa fursatda tegishli idoralarga so‘rovnoma bilan chiqib, e’tibordan chetda qolib kelayotgan qishloqlarga toza ichimlik suvi keltirishga erishdi.  Bugungi kunda  toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan Xontepada yashovchi 1118 nafar aholi deputatdan mamnun.

- “O’zbekiston 2030” strategiyasida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida suv resurslarini tejash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yana jadallashtirish alohida e’tirof etilgan, - O’zLiDeP Shahrisabz tuman kengashi raisi, tuman kengashi deputati Arslon Uzoqov. – Bu muhim hujjat ijrosini ta’minlash borasida amaliy ishlarni kengaytirayapmiz. Yaqin oylarda Yangiqishloq mahallasida yashovchi qolgan xonadonlarni  ham toza ichimlik suvi bilan  ta’minlash uchun suv quvurlari tortilib, montaj ishlari qilinmoqda.  Guruhimiz a’zolari ichimlik suv sifatini yaxshilash, sarfini kamaytirish maqsadida barcha ichimlik suv iste’molchilariga hisoblagichlar o‘rnatishga erishish borasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borishayapti.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, deputatning sa’y-harakatlari bilan qishloqlarda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, issiqxona xo‘jaliklarini ko‘paytirish, parranda, chorva mollari boqishni yo‘lga qo‘yishga amaliy yordam berilayotir. Ishsiz oilalarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularga banklardan moliyaviy ko‘mak olishda ko‘maklashish, artezian quduqlarini qazish, hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi ishlarning samarasi tufayli qishloqlarda yashayotgan aholining bandligi va farovonligini kun sayin ortib borayotir. 

  • Ko'rildi
    94
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+