Talaba-qizlarning tadbirkorlikka oid bilimlari oshirilmoqda

13.02.2024, 09:37

Talaba-qizlarning tadbirkorlikka oid bilimlari oshirilmoqda

O'zLiDePdek yetakchi siyosiy tuzilmaning hayotbaxsh g‘oya va maqsadlarini amalga oshirishga astoydil bel bog‘lagan maslakdoshlarimizdan biri Buxoro shahridagi “Zamin Madad tayyorlov savdo” MChJ ga rahbarlik qilib kelayotgan Mamlakat Sodiqovadir. Partiya viloyat va Buxoro shahar Kengashlari sa’y-harakatlari bilan o‘tkazib kelinayotgan turli tadbirlarda ushbu korxonaning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq yutuq va muvaffaqiyatlari, aniqrog‘i yangi innovatsion loyihalari keng targ‘ib qilib kelinmoqda.

Ma’lumki, O’zbekiston-2030” strategiyasining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash belgilangan.

Bu borada O'zLiDeP faoli Mamlakat Sodiqova tomonidan yoshlar hamda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “ustoz-shogird” an’analari asosida hunarmandchilik bilan shug‘ullanishni targ‘ib etish ustuvorlik kasb etmoqda. Birgina o‘tgan 2023 yilda M.Sodiqova boshchiligida “ustoz –shogird” yo‘nalishida turli kasb-hunarni yoshlarga o‘rgatishga qaratilgan 2 mingdan ziyod nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, seminar-treninglar o‘tkazilib, tinglovchi ayol va talaba–qizlardan 350 nafari tadbirkorlikning o‘zlari tanlagan sohalari bo‘yicha mustaqil ravishda faoliyatlarini boshlab yuborganlar. Hunarmandchilik, rassomchilik yo‘nalishlari boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ustunlik kasb etmoqda.

Tadbirkor ayol M.Sodiqovaning ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari bilan keyingi paytda o‘tkazib kelayotgan yuzma-yuz muloqot va samimiy uchrashuvlari ham o‘z amaliy natijasini berib turibdi.

Yaqinda ana shunday uchrashuvlardan biri O'zLiDeP Buxoro shahar Kengashi hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda so‘z olgan O'zLiDeP Buxoro shahar Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tajribali tadbirkor ayol M.Sodiqova o‘z tanlagan sohasida dastlabki paytlarda duch kelgan qiyinchiliklari, mavjud muammolar va ularning yechimini izlab topish borasida sa’y-harakatlari zoye ketmagani, bugungi kunda kelib barcha intilish va aniq maqsadlari o‘z kutilgan amaliy natijasini berayotganini tilga olib o‘tdi. Biror - bir muvaffaqiyatga mashaqqatli mehnat, bilim yoki boy tajribasiz erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Shu kuni O'zLiDeP faoli rahbarlik qilayotgan yetakchi korxonalar rahbari M.Sodiqova hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tadbir davomida institut talaba – yoshlariga M.Sodiqova bugungi kunda nafaqat "Zamin Madad tayyorlov savdo" MChJga balki, Buxoro shahridagi "Zamin fruits trade", "Zamin shu'lasi" MChJlariga yetakchilik qilayotgani, shu bilan birga u Oliy Majlis Senati huzuridagi “Tadbirkor ayollar” klubi hamda «Shijoatli Ayol» ijtimoiy-ximoya va ekologiya Markazi rahbari sifatida ham izchil faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi.

Tajribali tadbirkor ayol bilan o‘tkazilgan uchrashuv talaba-yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirdi. Tadbirning faol ishtirokchilariga M.Sodiqova tomonidan esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Tadbir doirasida partiya xayrixohlari sifatida bir guruh yoshlarga partiya a’zolik guvohnomalari topshirildi.  

 

  • Ko'rildi
    56
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+