Xotin-qizlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlari oshirildi

16.02.2024, 16:27

Xotin-qizlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlari oshirildi

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” hamda partiya Buxoro shahar Kengashi tomonidan tajribali tadbirkor, partiya faoli rahbarlik qilayotgan “Zamin madad tayyorlov savdo” MChJda mahorat darsi hamda “Tadbirkor va yoshlar uchrashuvi” tashkil qilindi.

O‘zLiDeP Buxoro shahar Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tajribali tadbirkor Mamlakat Sodiqova yoshlar bilan muloqotda tadbirkorlikning sir-asrorlarini tushuntirib berdi.

Mahorat darsida yoshlar va ayollar tadbirkorning qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, quritish va ishlab chiqarishdagi ish tajribasi, erishgan yutuqlari va bosib o‘tgan hayot yo‘li bilan yaqindan tanishdilar. Soha yuzasidan ularga amaldagi qonunchilik va ularga kiritilgan bir qator o‘zgartirishlar, tadbirkorlikni boshlash uchun ma’lumot va tavsiyalar berildi. Shuningdek, tadbirkorlikka qiziqqan, havasmand talaba qizlar uchun “ilk qadam” loyihalari tanishtirib o‘tildi.

- Bugungi mahorat darsi davomida ayollarning jamiyatdagi, ijtimoiy-siyosiy hamda tadbirkorlik faoliyatidagi o‘rni xususida tushuntirishlar berib o‘tdik, – deydi Mamlakat Sodiqova. - Men o‘zim ham tadbirkor bo‘lishimga qaramasdan yana bir qancha mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat olib boraman. Bugungi kunda har bir o‘zbek ayolining asosiy ishidan tashqari oilaviy daromadini oshirishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yurtimizda juda ham ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilgan. Tadbirimiz davomida talaba qizlarni kelajakda tadbirkorlikning o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatlarini boshlashlari uchun yetarli motivatsiya bera oldik, deb o‘ylayman.

Tadbirkor bo‘lish insondan kezi kelganda g‘ayratu-shijoatni, sabr va matonatni talab etadi. Bugun davlatimiz tomonidan ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga berilayotgan e’tibor, ularning bu boradagi say’-harakatlarini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, O’zLiDePning asosiy vazifasi ham tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Uchrashuv yakunida yoshlarga partiyaning a’zolik guvohnomasi topshirildi.

  • Ko'rildi
    55
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+