O’zLiDeP Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosida faollik ko‘rsatadi

24.02.2024, 11:55

O’zLiDeP Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosida faollik ko‘rsatadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanidagi “Polytex Sirdaryo” MChJda mehnat qilayotgan ishchi xodimlar, partiya faollari, deputatlar ishtirokida muloqot o‘tkazdi.

Muloloqotda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O’zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

Farmon bilan, keng jamoatchilik bilan muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan Davlat dasturi 5 ta yo‘nalish va jami 100 ta maqsadni qamrab olgan. Unda ijtimoiy, barqaror iqtisodiy, suv resurslarini tejash va ekologiya, sud-huquq va tashqi siyosat yo‘nalishida amalga oshiriladigan qator vazifalar belgilandi.

Xususan, mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib boriladi.

Unga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, har bir loyiha g‘oliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi, xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida ham qator vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’ati 6 foizdan kam bo‘lmagan darajada bo‘lishi, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz bo‘lishi ta’minlanadi. Iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard dollar bo‘lgan 309 ta yirik loyihalar ishga tushiriladi. Yillik inflyatsiya darajasi 9 foizgacha va fiskal taqchillik 4 foizgacha bo‘lishi ta’minlanib, keyinchalik inflyatsiya va Davlat budjeti taqchilligi ko‘rsatkichlarini pasaytirish choralari ko‘riladi.

Muloqotda partiya va uning barcha hududiy kengalari, mahalliy kengashlar deputatlari Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishi, joylarda har bir masalada jamoatchilik nazorati tadbirlarini olib borish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

  • Ko'rildi
    45
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+