Namanganda xususiy klinikalar faoliyatida qanday muammolar aniqlandi?

28.02.2024, 11:11

Namanganda xususiy klinikalar faoliyatida qanday muammolar aniqlandi?

Avval xabar qilganimizdek, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillaridan tarkib topgan ishchi guruh Namangan viloyatida xususiy klinikalar faoliyatini jamoatchilik nazorati tartibida  o‘rganib, mavjud muammolarni aniqlash va ularga amaliy yordam berish choralarini ko‘rmoqda.

- Bundan ko‘zda tutilgan maqsad tekshirish yoki nazoart qilish emas, aksincha, tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar berish, ularning muammolariga  yechim topishda ko‘maklashishdan iborat, - deydi partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri Sevara Muslimova.

Namangan viloyatida shu kunga qadar 500 dan ortiq xususiy klinika, shifoxona va dorixonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘ib, ularda 2,5 mingdan ortiq shifokor, hamshira va texnik xodimlar aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Ishchi guruhi a’zolari xususiy muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy tibbiy asbop-uskunalarning mavjudligi, malakali xodimlar   bilan ta’minlanish darajasi, shuningdek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid qonun, farmon va qarorlarning amaldagi ijrosi, berilgan imkoniyat va imtiyozlardan qanday fodalanilayotganligi bilan yaqindan tanishdilar.

Jumladan, Namangan shahar Davlatobod tumanidagi “Habib” nomli xususiy klinikasida qanday muammolar borligi so‘ralganda, uning oldi tomonida yashil makon uchun yer maydoni tashkil etilgan bo‘lib, amalda undan  foydalanilmayotganligi, shuning uchun ushbu hududdan chiqish yo‘lagi sifatida foydalanishga zarurart borligi, bu haqda  tegishli idoralarga bir necha marta yozma murojaat qilinganligi, lekin natija bo‘lmaganligi aytildi. Ishchi guruhi ushbu muammoni o‘z nazoratiga oldi va shu kunning o‘zidayoq mutasaddi tashkilotlarga uni ijobiy hal qilish chorasini ko‘rish yuzasidan yozma murojaat kiritdi.

Uychi tumanidagi "SD klinik" muassasasi rahbari yangi tibbiy uskunalar sotib olish va shu asosda xizmat ko‘rsatish turlarini yanada takomillashtirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish istagi borligini bildirdi. Faqat buning uchun bankdan imtiyozli kredit olishda amaliy yordam so‘radi. Xususiy tadbirkorning bu taklifi ham ishchi guruhi tomonidan nazoratga olindi va Markaziy bank viloyat boshqarmasiga amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab xat kiritildi. Ushbu tumandagi "Abdullo Ahror" medservis xususiy korxonasi boshlig‘i A’zamjon Qozoqov insult bo‘lgan bemorlarni reablitatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan tibbiy apparatlar yetishmasligi, buning uchun bankdan imtiyozli kredit olishga zarurat borligi, lekin bank ta’minotchini o‘zimiz belgilaymiz, degan sabab bilan kredit ajratmay kelayotganini aytdi. Ushbu muassasada shuningdek, malakali mutaxassislarga ham ehtiyoj borligi aniqlandi.

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi "DIMED CLINIC" xususiy shifoxona  faoliyati o‘rganilganda ayrim xususiy klinikalar davlatga qarashli bo‘lgan binolardan foydalanishi va buning evaziga yuqori stavkada ijara haqi to‘lanishini aytib, iloji bo‘lsa, ijara haqining minimal stavkasini 5 foizga kamaytirish yuzasidan taklif berdi. Tadbirkorning bu taklifi ham ishchi guruhi a’zolari tomonidan nazoratga olindi va mahalliy hokimliklarga buni ijobiy hal qilish choralarini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Namangan shahridagi “Ekomedlayne” xususiy klinikasida nevrologiya, terapiya, urologiya, fizioterapiya, lor yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, investitsiya dasturiga asosan klinikaga o‘tgan yili MRT tibbiy uskunasini sotib olish rejaga kiritilgan va shu maqsadda “Turonbank” viloyat bo‘limiga 3 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishini so‘rab murojaat qilingan. Biroq bank mutasaddilari tomonidan hozirga qadar resurs yo‘qligini ro‘kach qilib, kredit mablag‘i ajratilmagan. Ushbu masala ham ishchi guruhi tomonidan nazoratga olingan va Markaziy bank viloyat boshqarmasiga so‘rov xati yuborilgan.

-Ishchi guruhi a’zolari viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi xususiy klinika va shifoxonalarda bo‘ldilar, - deydi partiya viloyat Kengashi apparat rahbari Orifjon Mahmudov.  – Jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkazilgan bunday o‘rganishlardan ko‘zlangan maqsad birinchidan, tibbiyot tizimidagi xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining mavjud muammolarini aniqlash, ularni tizimli ravishda hal qilish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularni umumlashtirgan holda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid amaldagi qonun va qonunosti hujjatlariga qo‘shimcha va takliflarni kiritish, eng asosiysi, tizimda xususiy sektorni yanada rivojlantirish orqali aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashdan iboratdir.

Komiljon FAYZIYEV,

O’zLiDeP Namangan viloyat kengashi faoli

  • Ko'rildi
    36
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+