Deputatlik guruhi yig‘ilishida dolzarb masalalar muhokama etildi

01.03.2024, 21:45

Deputatlik guruhi yig‘ilishida dolzarb masalalar muhokama etildi

Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni partiya viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi.

Unda dastlab, O’zLiDeP viloyat Kengashi hamda mahalliy Kengash deputatlarining “O’zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan kelib chiquvchi dolzarb vazifalari muhokama qilindi. Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash barcha partiya faollari va mas’ullari, xususan deputatlik guruhi a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi aytib o‘tildi. Dasturda belgilangan ustuvor vazifalar O’zLiDePning dasturiy maqsad va g‘oyalari bilan hamohang ekanligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi viloyatda fermerlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar va bu borada yechimini kutib qolgan muammolar xususida viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining axboroti eshitildi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, joriy yilda viloyat bo‘yicha 96220 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 2834 ta fermer-xo‘jaligi tomonidan 79010 gektar maydon birjaga yuborilgan. 2794 ta fermer xo‘jaligi tomonidan esa 77571 gektar maydon uchun f’yuchers shartnomalari to‘ldirilgan.

         Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrda imzolangan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon-xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda 2022 yilda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun paxta va g‘alladan qisqartirilgan maydonlar hisobiga 8016 gektar yer maydonlari kim oshdi savdolariga chiqarilgan. Ushbu savdolarga chiqarilgan shuncha gektar maydonlarda 47869 nafar fuqarolar bu savdolarda qatnashib g‘oliblikka erishdilar hamda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etdilar.

         Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘tgan 2023 yilda 6108 gektar paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer maydonlari dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun ajratib berildi hamda 14491 nafar aholi tomonidan dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi. Endilikda bu xo‘jaliklarda ko‘plab sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar parvarish qilinmoqda. Takroriy ekin sifatidagi sabzavot mahsulotlaridan ham mo‘l hosil yetishtirilib, keyingi paytda ulardan jami 38322 tonna mahsulotlar yetishtirib olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Botir Xodjayev, viloyat urug‘chilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Bekzod Baxronov, “Buxoro Agroklaster” MChJ bo‘lim boshlig‘i Jamshid Jamilov hamda Markaziy bankning Buxoro viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Djumayevlarning o‘z vakolatlari doirasidagi axborotlari tinglandi.

- Garchi hozirgi paytda mamlakatimizda fermerlarning emin-erkin faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsada, faoliyatimizga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar ham yo‘q emas, -deydi Buxoro tumanidagi “Madaniyat-Muxammad-Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari, O’zbekiston Qahramoni Muhammad Axmedov. - Bank muassasalaridan fermer xo‘jaliklariga ajratilayotgan kreditlar garchi imtiyozli deb hisoblansada, ular foizlarining yuqoriligi hamda kredit mablag‘larining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qat’iy belgilab qo‘yilganligi, sug‘urtalash, shuningdek xo‘jaliklarga dotatsiya ajratish borasidagi mavjud muammolar shular jumlasidandir.

Deputatlik guruhi yig‘ilishida aynan shu masalalar bo‘yicha bir qator takliflar bildirilib, chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi keyingi masala sifatida viloyatda hunarmandchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ularning natijadorligi bo‘yicha viloyat hunarmand boshqarmasi vakili axborot berdi.

U jumladan, Buxoro viloyatida ham keyingi 4-5 yilda hunarmandchilik sohasida mutlaqo yangicha muhit paydo bo‘lib, aholining hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi ortganini, usta-shogird an’analari rivojlanganligini va mustaqil faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan hunarmandlarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilganligini aytib o‘tdi.

Viloyat bo‘yicha 2018 yilgacha bo‘lgan davrda 990 nafar hunarmand faoliyat olib borgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich bugungi kunda 6505 nafarga yetgan. Amaliy san’at turlarining 25 tadan 43 tagacha oshgani ham e’tiborlidir.

Vaqti-vaqti bilan o‘tkazib kelinayotgan xalqaro festivallar natijalariga binoan, Buxoroga Butunjahon hunarmandchilik shahri maqomi berilganligi ham bejiz emas.

Keyingi 5-6 yil ichida viloyatda ishga tushirilgan miniatyura, zardo‘zlik, zargarlik va boshqa yo‘nalishlarda 10 ga yaqin hunarmandchilik markazlari tashkil etilganligi ham e’tiborga molik. Viloyatdagi 2030 nafar hunarmandlarning 1095 nafari ayollardan, 408 nafari esa navqiron avlod vakillaridan iborat.

  2020 yildan Buxoro shahridagi Monomarkazda tashkil qilingan kurslarda 1200 nafardan ortiq ishsiz fuqarolarga kasb-hunar o‘rgatildi.

Hunarmandlarning xorijga chiqishiga yaratilgan sharoitlar natijasida jami 40 nafarga yaqin hunarmand 20 taga yaqin xorijiy tadbirlarda ishtirok etdi. Natijada 570 ming. dollarlik hunarmandchilik mahsulotlari savdosi amalga oshirildi.

Keyingi yillarda ijtimoiy va madaniy sohalarda turizmni rivojlantirish yo‘nalishida xorijiy davlatlar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida viloyatda bir qator xalqaro va mahalliy tadbirlarni o‘tkazishga e’tibor berib kelinmoqda.

 Deputatlik guruhi yig‘ilishida so‘zga chiqqan mahalliy Kengash deputatlari muhokama etilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda bir qator amaliy taklif va tavsiyalarini berdilar.

  • Ko'rildi
    35
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+