Prezidentimiz topshirig‘idan kelib chiqib, o‘zimga tegishli vazifalarni belgilab oldim

05.04.2024, 12:00

Prezidentimiz topshirig‘idan kelib chiqib, o‘zimga tegishli vazifalarni belgilab oldim

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, poytaxt tumanlarini rivojlantirish, xorijdagi yirik shaharlarning ijobiy tajribasini Toshkentda joriy qilish borasida qator topshiriqlar berdi.

Sessiyada berilgan vazifalar ijrosida shahar va tuman deputatlarining ham alohida o‘rni, mas’uliyati borligini alohida ta’kidlamoqchiman..

Sessiyada mamlakat rahbari avvalo, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar, tahlikali vaziyatlar haqida to‘xtalar ekan, bunday vaziyatda mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish lozimligini, mahalla tinchligiga har bir inson e’tiborli bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, yurtimiz osoyishtaligi, tinchligini asrab-avaylashga har birimiz mas’ulmiz. 

Ushbu yig‘ilish Toshkent shahri tumanlari muammolarini hal qilish va ertangi rejalarini belgilab berishga qaratilganligi bilan ayni muddao bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. Sababi chuqur tahlillar asosida hozirgi kunda poytaxtda hali ishga solinmay kelinayotgan talay imkoniyatlar borligi aniqlandi. Yer maydoni tanqis bo‘lgan Toshkent shahrida auksionga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 979 ta yer uchastkasi va yangidan-yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligidan chiqarilgan 175 gektar yer maydonlarini tadbirkorga berish imkoniyati borligi aytildi. 

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining barcha tumanlarida rivojlanish uchun to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish, tuman imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish yuzasidan o‘rganish olib borilishi kerakligi haqida fikr bildirdi. Yunusobod tumani misolida bir qator kamchiliklar aytilib, qolgan 11 ta tumanda ham mavjud bo‘lishi mumkinligi va shundan tegishli xulosa qilish shartligi qayd etildi. 

Xalqni rozi qilish, aholi daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, zamonaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator topshiriq berildi. Shuningdek, Prezident «yashil makon» umummilliy loyihasi bo‘yicha ham to‘xtalib, poytaxtning barcha mahallalarida turli daraxt va gullar ekish, obodonlashtirish, ehtiyojmand oilalar, keksa qariyalar va imkoniyati cheklangan insonlar holidan xabar olish zarurligini eslatib o‘tdi. 

Mazkur yig‘ilish barcha hamkasblarim kabi menda ham chuqur taassurot qoldirdi. Xalq vakili sifatida o‘zimga tegishli bo‘lgan vazifalarni belgilab oldim. Ya’ni, banklar tomonidan yangi ish o‘rinlarini yaratishga tayyor bo‘lgan tadbirkorlarimizga imtiyozli kreditlarning amalda berilishi, mahalla «ettiligi» tomonidan aholi muammolarini hal etishdagi ishlar qay darajada amalga oshirilayotgani yuzasidan deputatlik nazoratini kuchaytirishimiz lozim. 

Belgilangan vazifalarning mas’ullar tomonidan qanday bajarilayotganligini o‘rganishimiz, ijrosi ta’minlanmagan vazifalar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda mas’ullarga «deputatlik so‘rovi» yuborishimiz, fuqarolar muammolarini o‘rganib, hal etishga ko‘maklashishimiz kerak bo‘ladi. Zero, xalq dardi bilan yashash, yurtimizda olib borilayotgan jadal islohotlarda munosib ishtirok etish har birimizning burchimiz. 

Sanjarbek Kumushev,

Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari

  • Ko'rildi
    21
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+