Ishchi guruh faoliyati: Samarqandlik tadbirkorlarning savollari ko‘p

05.04.2024, 12:11

Ishchi guruh faoliyati: Samarqandlik tadbirkorlarning savollari ko‘p

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi tomonidan tuzilgan Tadbirkorlik sub’ektlariga soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan yanada qulay shart-sharoitlar yaratish masalalarini jamoatchilik nazorati tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhi a’zolari Samarqand shahrida qator o‘rganishlar o‘tkazdi.

Deputatlar, partiya faollari hamda OAV vakillari dastlab o‘z faoliyatini boshlash arafasida turgan Radiologiya markazini borib ko‘rishdi. Loyiha qiymati 300 milliard so‘m bo‘lgan ushbu markaz radiologiya va onkologiyaga ixtisoslashgan. Uning ishga tushishi natijasida birinchi bosqichda 60 nafar, keyinchalik qariyb 500 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanishi belgilangan.

Germaniya, Avstriya, Yaponiya va AQSh kabi rivojlangan davlatlarning eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalari keltirilgan tibbiy muassasaning faoliyat boshlashi uchun ayrim qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda ekan. Ishchi guruh a’zolari hududda bemorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va keltirilgan uskunalar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbirkorning muammolari atroflicha o‘rganildi.

Yangi tibbiy uskunalarni import qilishda “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK tomonidan har bir uskunaning ro‘yxatga olish guvohnomasi va aynan tibbiy buyumlar uchun mavjud bo‘lgan sifat sertifikati (CE certificate) mavjud bo‘lib, ushbu hujjatlar bilan uskunalarni “Erkin muomala” bojxona rejimiga (IM­40) o‘tkazish imkoni bor. Lekin tibbiy faoliyat uchun litsenziya olish jarayonida ushbu uskunalarning muvofiqlik sertifikati talab etiladi. Buning uchun yangi o‘rnatilgan va hali ishlatilmagan uskunalarni yana o‘sha DUKga murojaat qilib, qayta laboratoriyadan o‘tkazish kerak. Bu esa tibbiy faoliyatni boshlashni yanada qiyinlashtiradi.

Tibbiy muassasa uchun xarid qilingan qurilish materiallari, muolaja xonalari uchun mo‘ljallangan maxsus bo‘yoqlar, devor qoplamalari hamda jarrohlik bo‘limlari uchun ishlab chiqarilgan tegishli komponentlarning Yevropada ishlatiladigan sifat sertifikati mavjud bo‘lsa­da, bizda yana qaytadan sertifikatdan o‘tkazish talab qilinadi. Natijada yuzlab ish o‘rinlari yaratib, qanchadan­qancha bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatadigan tibbiy markaz ishga tushishi kechikmokda.   

Shuningdek, ishchi guruhi a’zolari “Shodiyona” savdo majmuasida ham tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning ham taklif­mulohazalarini eshitishdi. Ushbu majmuada yetarlicha sharoitlar borligi, ammo yer solig‘i qimmat ekanligi, hududga kirish qismida darvoza oldida svetofor yo‘qligi, mashinalarning belgilanmagan joyda to‘xtayotgani xaridorlar uchun noqulaylik tug‘dirayotgani aytib o‘tildi. O’rganishlar davomida soliq to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha tadbirkorlarga tushuntirishlar ham berildi.

Uchrashuvda soliq to‘lovlarini  amalga oshirishda elektron dastur (mobil ilova)dan foydalanish holati, savdo kompleksida soliqlarni hisoblash va soliq to‘lash bilan bog‘liq munosabatlarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart­sharoitlar muhokama qilindi. “SAMARQAND APPAREL” xorijiy korxonasida ishchi guruhi a’zolari ishtirokida navbatdagi muloqot o‘tkazildi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu korxona mahsulotlari Germaniya hamda Janubiy Koreyaga eksport qilinmoqda. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada 400 nafardan ortiq xodim faoliyat yurityapti.

Muloqot davomida Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, korxona rahbari A. Ahrorov Soliq kodeksining 320­moddasi (kursdagi farqlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari)ga muvofiq Nizom jamg‘armasiga xorijiy valyutada kiritilgan mablag‘lar bo‘yicha valyuta kurslarining ijobiy farqi daromad solig‘i bazasiga kiritilishini bekor qilish haqida taklifni ilgari surdi.

“INTRAMED” mas’uliyati cheklangan jamiyatining asosiy faoliyati aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan litsenziyaga asosan faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda jamiyat tomonidan Samarqand tumanidagi O’zbekkenti mahallasi hududida Prezidentimizning “2022­2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturlarini amalga oshirish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan va manzilli dasturlar ro‘yxatiga kiritilgan “Yuqori texnologik zamonaviy tibbiyot klinika markazini qurish” loyihasini amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Lekin jamiyat soliq imtiyozlaridan foydalanishda muammolarga duch kelgan. Aniqrog‘i, Soliq qo‘mitasi jamiyatning qonuniy imtiyozlardan foydalanishini rad etmoqda. Shu sababli Savdo­sanoat palatasining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan “INTRAMED” MChJ manfaatini ko‘zlab ma’muriy sudga soliq qo‘mitasining soliq imtiyozlarini qo‘llamaslikda ifodalangan harakatlarini qonunga xilof deb topishni so‘rab da’vo arizasi kiritilgan.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashida fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boshqa dolzarb masalalar yuzasidan hududlar kesimida jamoatchilik nazorati tadbirlarini tizimli tashkil etishga bag‘ish lab o‘tkazilgan yig‘ilishda yuqoridagi kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.   

Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Baxtiyor Xo‘jayorov iqtisodiyot rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirkorlik sohasidagi muammo va takliflarni bevosita o‘rganish, aniqlangan muammolar yechimi bo‘yicha kurashish natijadorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Ishchi guruh o‘rganishlari joylarda davom etmoqda.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    17
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+