Xususiy tibbiyot sohasidagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi

06.04.2024, 10:49

Xususiy tibbiyot sohasidagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi

So‘nggi yillarda yurtimizda kuchli va samarali tibbiyot tizimini shakllantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni sohada xususiy sektorning ulushini oshirish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yana-da yuksaltirish borasida 20 dan ortiq Qaror va Farmonlar qabul qilinganida ham ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatda xususiy tibbiyotni rivojlantirish orqali malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tibbiyot turizmining yuksak xalqaro mezon va standartlarga mosligini taʼminlashni o‘z oldidagi ustuvor maqsad sifatida ko‘ruvchi O‘zLiDeP ham bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda kamarbastalik qilib kelmoqda.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida “Xususiy tibbiyot sohasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi davra suhbatida sohada xususiy sektor ulushini oshirish, xususiy tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlashda yuzaga kelayotgan muammolar va ularni tizimli bartaraf etish masalalari borasida fikr almashildi.

Tibbiyot tizimidagi xususiy sektor vakillarining muammolarini aniqlash va ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, xususiy tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, partiya faollari va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tibbiyot oldinga siljishi uchun asosiy vazifa xususiy sektorni oyoqqa turg‘azish ekani taʼkidlangan tadbirda yurtimizda xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat va qabul qilinayotgan Qaror va Farmonlar o‘zining samarali natijalarini bera boshlagani alohida eʼtirof etildi.

Xususan, sohani qo‘llab-quvvatlanishi natijasi o‘laroq, xususiy tibbiyot tashkilotlari 2023 yilda 2017 yilga nisbatan 2,7 barobarga ko‘payib, ularning soni 3 200 tadan 8 560 taga yetdi.

Xususiy tibbiyot muassasalarining litsenziya olish tartibi soddalashtirilib, bunda ular 2017 yilda 50 turdagi ixtisoslik bo‘yicha xizmat ko‘rsatishgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib, 126 turdagi ixtisoslik bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot tashkilotlari 2016 yilda 726 turdagi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 2 251 turdagi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.

Xususiy klinikalarda 2016 yilda shifo o‘rinlari soni 16 032 tani tashkil etgan bo‘lsa, ular soni 2,8 barobarga ko‘payib 2023 yilda 44 109 taga yetgan.

Tadbirda erishilgan yutuqlar qatorida o‘z yechimni kutib turgan muammolar ham yo‘q emasligiga eʼtibor qaratildi.

Jumladan, xususiy tibbiyot muassasalarida malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab va ehtiyojning yuqori darajada ekani qator muammolarni keltirib chiqarayotgani, binolardan foydalanishdagi ijara narxlarining qimmatligi, muassasalarning o‘z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan yangi tibbiy asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun ko‘rsatilayotgan bojxona xizmatlari, xodimlarni xorijga malaka oshirishga yuborish tartiblari borasidagi muammolar o‘rtaga tashlandi.

Bugun xususiy tibbiyot kundalik hayotning muhim elementiga aylangan bir sharoitda uning qo‘llab-quvvatlanishi aholiga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini olish imkonini berishi qayd etildi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi nafaqat aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, balki minglab ish o‘rinlari yaratilishi, tajribali shifokorlarning chet mamlakatlarga ketishini oldini olishga xizmat qilishi haqida fikr yuritildi.

Davra suhbati davomida bildirilgan fikrlar, tashabbuslar, muammolar tahlil qilinib, partiyaning fraksiyasi va tegishli vazirlik orqali ijobiy hal qilinishi bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    25
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+