Saylovchilar ishongan deputat

Saylovchilar ishongan deputat

Ayni kunlarda O‘zLiDeP deputatlari o‘z saylov okruglarida “Mahalla yettiligi” faoliyatini o‘rganmoqda.
Xalq deputatlari Beruniy tuman kengashi deputati Lola Xo‘janiyazova o‘zi saylangan hudud – Sarkop ovulidagi ahvol bilan tanishdi, aholi vakillari bilan muloqotda bo‘ldi.
Ovulda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun murojaat qilganlar soni oshgan, ammo bunday niyatdagi yoshlar kamchilikni tashkil etadi. Xotin-qizlarga uy sharoitida ishlash uchun tikuv mashinalari, pechlar berilgan bo‘lsa-da, lekin ular yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan, soliq bazasiga kiritilmagan.
Yil boshida ovul xotin-qizlarining muammosini tizimli hal etish va “Ayollar daftari”ni shakllantirish uchun 8 nafardan iborat ishchi guruh tuzilib, uyma-uy yurib, xatlov qilindi. Hududda 30 yoshdan yuqori 936 nafar xotin-qiz bo‘lib, 28 nafari chetga ishlash uchun ketgan. 151 nafarida muammosi borligi uchun “Ayollar daftari”ga kiritish uchun tuman oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim qilindi. Har oyda kamida 5 nafar xotin-qiz tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandchilikka jalb qilinmoqda. Subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berilib, bandligi taьminlanayotir.
Profilaktik hisobda turgan 8 nafar ayol bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, 2 nafariga moddiy, 3 nafarini ishga joylashtirish bo‘yicha yordam berildi. Profilaktika inspektori huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida 5 ta oilaga himoya orderi topshirdi. Jinoyatchilik joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Yoshlar bilan ishlashda ham muammolar yo‘q emas. Yetakchi yoshlarni faqatgina sport, madaniy tadbirlarga jalb qilish bilan cheklanmasdan, ularning bilim va shijoatini jamiyat taraqqiyoti uchun foydali ishlarga jalb qilish ham joiz.
Qizlar, ayniqsa ishsiz yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari sust. Hududda sanoat, ishlab chiqarish, hunarmandchilik sohalariga e’tibor kam. Odamlar orasida boqimandalikka ruju qo‘yganlar ko‘p uchramoqda. Shu bois deputat yoshlar yetakchisi, ayollar faoli, mahalla oqsoqoli, hokim yordamchisi, soliq va ijtimoiy himoya xodimlarining har biri bilan alohida muloqotda bo‘lib, ularga o‘z tavsiyalarini berdi.
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi
matbuot xizmat

  • Ko'rildi
    19
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+