Deputat “Suvchilar maktabi” faoliyati bilan tanishdi

18.04.2024, 14:36

Deputat “Suvchilar maktabi” faoliyati bilan tanishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi Navro‘z Rizayev saylovchilar bilan uchrashuvi davomida Oqdaryo tumanida tashkil etilgan “Suvchilar maktabi” faoliyati bilan ham tanishdi.

2023 yil 18 aprel kuni Prezidentimiz huzurida Suv xo‘jaligi sohasini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida “Suvchilar maktabi” tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy Tadqiqot Universiteti hamda “Agrobank” OAJ hamkorligida “Suvchilar maktabi” tashkil etildi.

2023 yilda birinchi bosqichda o‘quvlari tashkil qilinib, besh oy mobaynida yaʼni may-oktyabr oylari davomida respublika bo‘yicha 155 ta tumanda 61 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari rahbar va xodimlari qisqa muddatli kurslarda o‘qitildi. O‘qitish jarayoni 5 ta mobil guruhlarga bo‘linib, maxsus jihozlangan transportlarda tuman sektorlariga joyga chiqqan holda tashkil qilindi.

Maktabni tashkil etishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlarining tajribalari o‘rganildi hamda ushbu davlatlardan xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. O‘quv jarayoniga 50 nafardan ortiq ilmiy xodimlar, 20 nafar Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlari ekspertlari jalb qilindi.

O‘quvlarda ishtirok etgan tinglovchilarning taklif, fikr mulohazalari inobatga olingan holda uzoq muddatli dastur ishlab chiqildi hamda “Suvchilar maktabi”ni ikkinchi bosqichiga start berildi.

Shu jumaladan, Prezidentning 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “Suv-tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida chuqurlashtirilgan dasturlar tashkil etilmoqda.

Ikkinchi bosqichni yana-da takomillashtirgan holda nazariy va amaliy bilimlar berib borilishi rejalashtirilgan. “Agrobank” OAJ tomonidan Respublikaning 13 ta hududida zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan tajriba maydonlari tashkil etildi. O‘quv kurslari ikkinchi bosqichi 2024–2030 yillarda 60 ming nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitishga mo‘ljallangan bo‘lib, har yili 10 ming nafar fermerlarning amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltiriladi.

Har bir guruh o‘quv kurslarda 5 kun davomida o‘qitiladi, bunda 3 kun nazariy, 2 kun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, maktabda “Loyihachi” hamda “Tashkilotchi” o‘quv kurslari ham tashkil etilmoqda. “Loyihachi” o‘quv kurslarida pudratchi-quruvchi tashkilotlar mutaxassis xodimlarini sertifikat asosida o‘qitish tashkil etilmoqda. “Tashkilotchi” o‘quv kurslarida hududlardagi ishchi guruh aʼzolari doimiy malakalari oshirib boriladi.

Deputat muloqot davomida o‘zining takliflari va fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    35
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+