Deputatlar talabalar bilan ekologiya mavzusida qiziqarli suhbat qurdilar

19.04.2024, 15:10

Deputatlar talabalar bilan ekologiya mavzusida qiziqarli suhbat qurdilar

O’zLiDeP Namangan shahar kengashi tashabbusi bilan NamDUning biotexnologiya fakulteti tabiiy fanlar yo‘nalishi talabalari, ta’lim-tarbiya maslahatchilari bilan "Deputat va yoshlar" uchrashuvi tashkillandi.

Muloqotni  partiya shahar kengashi apparati rahbari, xalq deputatlari shahar Kengashi deputati Sohiba G’affarova ochdi va olib bordi. U dastlab O’zbekiston Liberal-demokatik partiyasining maqsad va g‘oyalari, elektorati,  mamlakatimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaratish, yoshlar va xotin-qizlarning huquq va manfatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari, loyihalari haqida tushuncha berdi.

Xususan,”Yangi avlod kadrlari zahirasi” loyihasi doirasida o‘zlarining siyosiy, huquqiy bilimlarini namoyish etib yuzaga chiqqan qator iste’dodli, siyosiy va huquqiy bilimlarini, tashkilotchilik  qobiliyatlarini namoyon etgan va ayni kunlarda rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan, deputatlik faoliyatini yuritayotgan yoshlar haqida so‘z yuritdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zafar Xudoyberdiyev va Barno Mirzamovalar esa davlatimiz rahbarining shu yil 28-29 mart kunlari Namanganga tashriflarida hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, yerdan, tomorqalardan unumli foydalanish, yoshlar bandligini ta’minlash, Norin daryosida gidro, Popda quyosh elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar, shuningdek, mamlakatimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularning bilim olishlari, hunar egallashlari, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.  

Talabalar ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi mavzusida bahs-munozaralarga  kirishdilar, oliygohda shu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar xususida to‘xtalib, tabiatni asrash, ekologik muhitni sog‘lomlashtirish yuzasidan qonunlarga ayrim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflarini ham bildirdilar.   

Komiljon FAYZIYEV.

  • Ko'rildi
    39
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+