Ohangarondagi ishbilarmon ayollar faoliyati qo‘llab-quvvatlandi

04.05.2024, 20:01

Ohangarondagi ishbilarmon ayollar faoliyati qo‘llab-quvvatlandi

Bu yil o‘zgacha tarzda tashkil etilayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovning mahalla bosqichlaridan biri partiya viloyat, Ohangaron tuman va shahar Kengashlari, “Hunarmand uyushmasi”ning tuman bo‘limi hamda “Ishbilarmon ayollar” assotsiatsiyasi tuman bo‘linmasi o‘zaro hamkorligida Toshkent viloyatining olis hududlaridan bo‘lgan Ohangaron tumani 2-sektor hududida o‘tkazildi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi bo‘lim mudiri Sevara Muslimova, viloyat hamda Ohangaron tuman va shahar Kengashlari mutasaddilari, 2-sektordagi mahalla yettiligi ishtirok etgan tanlovda tumanning 2-sektori hududidagi 11 ta mahallada yashovchi faol tadbirkor xotin-qizlar o‘zlarining korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlari ko‘rgazmasini namoyish etishdi.

Tumanning chekka hududida istiqomat qilishiga qaramasdan, tadbirkorlik faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ya olgan xotin-qizlar tomonidan tashkil qilingan hunarmandchilik va tadbirkorlik mahsulotlari ko‘rgazmasi 2-sektor rahbari Samariddin Arshidinovning ham qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Hakamlar hayʼati aʼzolariga “Ishbilarmon ayol – 2024” ning mahalla bosqichi g‘olibini aniqlash oson bo‘lmadi. Ishtirokchilar asos solgan korxonalarning ibratli faoliyati o‘rganilarkan, ularning o‘ziga xos yutuqlariga guvoh bo‘lindi. Xususan, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishda ko‘maklashayotgan xususiy bog‘chalar, sut mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan oilaviy korxonalar, hunarmandchilikning to‘qish, badiiy kashtachilik, gilamdo‘zlik, quroqchilik kabi turlarini kasanachilik asosida yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar, qandolatchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor ayollar o‘zlarining boy tajribalarini hakamlar hayʼati aʼzolari bilan o‘rtoqlashishdi.

Har bir ishtirokchining ko‘rgazmaviy taqdimoti va faoliyatini diqqat bilan o‘rgangan odil hakamlar adolat mezonlari doirasida ko‘rik-tanlov g‘oliblarini aniqlab berishdi.

Unga ko‘ra, tanlovning faxrli 3-o‘rniga hunarmandchilikning gilamdo‘zlik va quroqchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Saodat Xasanova, sut mahsulotlarini qayta ishlovchi “Mymilk” nomli oilaviy korxon asoschisi Sadoqat Ashuraliyeva, zamonaviy hunarmandchilikning izallon gullar tayyorlash yo‘nalishida kasanachilikni samarali yo‘lga qo‘ygan Gulchehra Elamasovalar munosib ko‘rilishdi.

Ohangaron tumanining olis hududlaridagi bolajonlarni sifatli maktabgacha taʼlim bilan qamrab olib, davlat xususiy sherikchiligi asosidagi 14 ta bog‘chalarga asos solib, yangi taʼlim texnologiyalarini joriy etgan Dilorom Ashirmatova hamda gul bosilgan gazlama va chokli buyumlar tayyorlashga ixtisoslashgan oilaviy korxona rahbari Madina Turgunovalar ko‘rik-tanlovning 2-o‘rniga loyiq deb topilishdi.

Ishtirokchilarni baholashda ularning ayollar tadbirkorligini rivojlantirishdagi tashabbuslari, yangi ish o‘rinlari yaratganlik darajasi, eksport va import salohiyatini inobatga olgan hakamlar o‘z tarkibida “Avazxon” Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda “Azim ota” nomli sut mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonani birlashtirgan oilaviy korxona rahbari Munira Eshboyevani ko‘rik-tanlov mahalla bosqichini mutlaq g‘olibi bo‘ldi.

Shunday qilib, “Ishbilarmon ayol 2024” ko‘rik-tanlovining mahalla bosqichi g‘olibi Munira Eshboyeva tanlovning navbatdagi tuman bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    25
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+