Yakkatutlik gulchi tadbirkor tanlovning mahalla bosqichi g‘olibi bo‘ldi

22.05.2024, 10:07

Yakkatutlik gulchi tadbirkor tanlovning mahalla bosqichi g‘olibi bo‘ldi

Shu kunlarda O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilayotgan "Ishbilarmon ayol - 2024" respublika ko‘rik-tanlovining mahallalardagi bosqichi qizg‘in jarayonga kirgan. Tanlov haqida, uning Nizomda belgilangan tartibi va talablari haqida eshitgan har bir tadbirkor bunga katta qiziqish bildirmoqda. Garchi hali boshlagan ishlari kichik va boshlang‘ich bosqichda bo‘lsa-da kelgusida o‘z tadbirkorlik ishlarini yanada kengaytirish, elga – yurtga naf keltirish, yutuqlarni ko‘paytirish va yirik tadbirkor sifatida tanilish har bir yurtdoshimizning qalbidagi ezgu niyatiga aylanmoqda.
Ha, har bir ish avvalo oddiy g‘oyadan, uni amalga oshirishga urinishdan boshlanadi. Harakat, mehnat, izlanish va tajribalar asta-sekin samarasini beradi. Qiyinchiliklarsiz, mashaqqatlarsiz yutuq ham, muvaffaqiyat ham bo‘lmaydi.
Izboskan tumanining har bir qishlog‘i o‘zining tadbirkorlik, mirishkorlik va yerdan omilkorlik bilan foydalanish sifatlari bilan alohida ajralib turadi. To‘rtko‘lliklar qishlog‘iga alohida ko‘rk berib turadigan manzarali daraxtlari, azim teraklari bilan e’tirof etilsa, yakkatutliklar rango-rang gullari, maysalari, landshaft dizayn ishlari ishlari bilan, moygirliklar turli – tuman, sarxil mevali ko‘chatlar yetishtirishlari bilan dong‘i ketgan. Bugun biz tashrif buyurgan mahalla “Botirobod” bo‘lib, gulchilar mahallasi deyishadi. Mangulik ko‘chasi 78 – xonadonda yashovchi Nasibaxon Mamadaliyeva “Shukrona tarannum rivoji” oilaviy korxonasini tashkil etib, issiqxonasida 12 xildan ortiq turdagi gullarni parvarishlab kelmoqda. Xonadondagi 3 ta issiqxonada turli–tuman gullar bo‘y cho‘zib, chiroy ochib, xaridorlarga yetkazilib berilmoqda. Gulchilik faoliyati kengayib, oila a’zolaridan tashqari qo‘shimcha 4 ta ishchi o‘rin yaratgan. Nasibaxon va shogirdlari yetishtirayotgan gullar yurtdoshlarimiz va qo‘shni respublikalardan kelgan mijozlarga ma’qul kelmoqda.
Biz gul yetishtirib, yurtimizni go‘zal va ko‘rkam diyorga aylantirayotgan, ko‘pchilikning ko‘nglini olayotgan Nasibaxonning kelgusi ishlariga omadlar tilab, partiyamiz tomonidan ajratilgan sovg‘alarni topshirdik. Nasibaxon tanlovning tuman bosqichida o‘z gullari bilan ishtirok etadigan bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    39
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+