O’ZBYeKISTON DUNYoGA QO’L UZATDI, DUNYo ESA O’ZBYeKISTONGA QUChOQ OChDI

23.05.2024, 12:07

O’ZBYeKISTON DUNYoGA QO’L UZATDI, DUNYo ESA O’ZBYeKISTONGA QUChOQ OChDI

Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘ylar

Dunyo terak uchiga qurilgan qush uyasidek qalqib turibdi. Turli davlatlararo ziddiyatlar avj olmoqda. Odamzod kelishmovchiliklar, talato‘plar ichida yashamoqda. Buning ustiga tabiiy resurslarni haddan ziyod ishlatib yuborganimiz oqibatida ekologiya inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Global isish, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, degradatsiya va sanab hisobiga yeta olmaydigan shunday muammolar paydo bo‘lyaptiki, insoniyat tabiat oldida o‘zi qilgan gunohini oqlash undan “kechirim” so‘rashga majbur bo‘lyapti.

Ana shunday ziddiyatlar kuchayib borayotgan paytda O’zbekiston dunyoga qo‘l uzatdi, dunyo esa unga quchoq ochdi. Har qanday muammo yoki o‘tkir masala yechimi hamkorlik, hamjihatlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash ekanini O’zbekiston dunyoga namoyon eta boshladi. O’zingiz bir o‘ylab ko‘ring, bundan chamasi 7-8 yil oldin hattoki, yon qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarimiz haminqadar edi. Yoki oldi-berdi, logistika, o‘zaro savdo-sotiq, hatto quda-andachilik, qarindoshlik rishtalarini bog‘lash ham juda azobu uqubatlar bilan amalga oshirilardi. Aslida O’zbekistonning dunyoga qo‘l uzatgani bu nafaqat xalqimiz yuragidagi ish bo‘ldi, balki investorlarni ko‘proq jalb etish uchun imkoniyat eshiklarini lang ochib yubordi.

Uzoqqa bormaylik, bundan uch yil oldin  birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumini bir eslaylik. 2022 yilda o‘tkazilgan birinchi investitsiya forumida 56 davlatdan 2 mingdan ziyod yirik investorlar Toshkentga kelgan edi. Buni qarangki, 2023 yilda o‘tkazilagn forumda esa 70 davlatdan 2500 nafar ishtirokchi poytaxtimizga yetib keldi. 2024 yilda esa bu miqdor tag‘in yuksaldi. Ya’ni 93 davlatdan 2500 nafardan ziyod yirik investorlar Toshkent zaminiga qadam qo‘ydi.

Ayting, bu nimaning dalolati? O’zbekiston qaydayu, AQSh, Angliya, Afrika yoki Sharqiy Osiyo davlatlari qayoqda? Dunyoning barcha qit’alaridan Toshkent forumiga yirik investorlarning kelayotgani, sarmoya tikayotganining sabablari nimada deb o‘ylaysiz? Mening nazarimda bu yurtimizda sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyat, emin-erkin faoliyat yuritishi uchun biznes muhiti yaratilgani bo‘lsa, ikkinchi tomondan mintaqamizdagi tinchlik, xotirjamlik, desam sira mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Yurtimizda Mendeleyev davriy jadvalida qayd etilgan elementlarning hammasi bor. Bu ham investorlarni jalb qilayotgani aniq. Ammo investor anoyi emas. U yetti o‘lchab bir kesadi. O’z sarmoyasini kiritayotganda mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahvolni obdan o‘rganadi, tahlil qiladi. Bu nimaga kerak deysizmi?

Investitsiya bu ertaga o‘ziga qaytadigan, daromad keltiradigan manba. Shunday bo‘lgach, yirik investorlar mamlakatni o‘rganar ekan, hatto shu yerda yashovchi xalqlar mintaletitidan tortib, tarixiy qadriyatlarigacha o‘rganadi. Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga kelgan yirik biznesmenlar xalqimiz hayoti, turmush tarzi, milliy qadriyat va urf-odatlari bilan qiziqqani bunga aniq misol bo‘la oladi. Chunki bugungi zamonaviy investor faqat foyda olib, juftakni rostlash haqida emas, ham o‘zi, ham shu mamlakat foyda ko‘rishini, ertaga uning izidan yaxshi nom qolishini istaydi. Busiz investor o‘z maqsad muddaosiga erisha olmaydi. Shundan bo‘lsa kerak, joriy yilda o‘tkazilgan so‘nggi investitsiya forumida 26 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Bu aytishga oson. Shuncha mablag‘ bilasizmi, qancha yangilanish va rivojlanishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Har galgidek, so‘nggi forumda davlat rahbari darajasidagi yalpi majlis, turli masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan ekspertlarning 50 dan ortiq uchrashuvlari, jumladan panel munozaralari, davra suhbatlari va B2B muzokaralar o‘tkazildi. Forumning har bir ishtirokchisi hamkorlar bilan manfaatlar kesishadigan nuqtalarini topishdi, muayyan investitsiya loyihalarini o‘rganishdi, o‘nlab yo‘nalishlarda ro‘y berayotgan so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilishdi va istiqbolli takliflarni qabul qilishdi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu dunyoning O’zbekistonga quchoq ochgani, yurtimizning, Markaziy Osiyoning investitsiya markaziga aylanib borayotganiga aniq dalil bo‘la oladi.

Prezidentimiz tomonidan “Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingani esa anjuman nufuzini yanada oshirdi. Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining yig‘ilishi doirasida 26 mlrd AQSh dollaridan ziyod miqdordagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan uch yil davomida mazkur forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylanganini alohida ta’kidladi. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda ortga qaytmaydigan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi. Islohotlar ortga qaytmaydi degan fikr bu adolatli haqiqat. Xalqimiz endi bizdan ham, rahbariyatdan ham islohot davomiy bo‘lishini talab qiladi. Shuni alohida aytmoqchimanki, mamlakatimizda ortga qaytmaydigan tus olgan islohotlar davom ettiriladi, dedi Prezident.

Yana raqamlarga qaytadigan bo‘lsak, bu yil forumda rekord miqdordagi ishtirokchilar qatnashgani, delegat, jumladan, hukumat rahbarlari, yirik kompaniyalar rahbarlari va BMT, YeTTB, OPYeK va ShHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillarining kelgani bu yirik sarmoyaviy anjumanga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Forum raqamli transformatsiya, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, infratuzilma va yashil iqtisodiyot kabi istiqbolli tarmoqlarda ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun noyob imkoniyat yaratdi.

O’zbekistonning sarmoyaviy salohiyatini ochib berish uchun 40 dan ortiq tadbirlar, jumladan, seksiyalar, davra suhbatlari va taqdimotlar o‘tkazilgani fikrimizni tasdiqlab turibdi. Forumning eng muhim qismi xorijlik hamkorlar ishtirokida bir qator yirik loyihalarni ishga tushirish marosimi o‘tkazildi. Bundan tashqari, forum doirasida O’zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sharq — dunyo tamaddunining markazi ekanini Toshkent forumi yana bir bor isbotladi. Chunki dunyodagi global miqyosdagi murakkab va tahlikali jarayonlar, noaniqliklar dunyo iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazayotgani hech kimga sir emas. Ana shu tahlikali vaziyatning o‘zi mamlakatlarni birlashishga, o‘zaro hamkorlik qilishga undamoqda. O’zbekiston esa bu jihatdan dunyoga namuna bo‘lmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi hayotiy zaruratdir. Albatta, unda uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining nechog‘li katta ahamiyat kasb etganini so‘z bilan ta’riflash qiyin.  Chunki mazkur forum yirik biznesmenlar o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun eng samarali muloqot markaziga aylandi.

Dunyoning eng yirik investorlarini Toshkentda jam bo‘lishi zamirida yana bir haqiqat yotadi. Bu  mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingani bilan chambarchas bog‘liq. Chunki Bosh Qomusimizda xususiy mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqliligi, bank operatsiyalarining, omonatlarining va hisobvaraqlarining sir tutilishi belgilab qo‘yilgan. Bu albatta, dunyo biznsesmenlarini o‘z mablag‘larini O’zbekiston uchun tikishga muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani shubhasizdir.

Dunyoda chuqur transformatsiya jarayonlari kechayotgan, tovar va xizmatlar bo‘yicha uzviy rishtalar salqi tortgan, xalqaro savdo-sotiq pasaygan, investitsiya oqimlari kamaygan eng muhimi iqlim ofatlari kuchaygan sharoitda yirik investorlar uchun muloqot qilish, muammolarga yechim topish uchun bir maydon kerak edi. Toshkent forumi ular joniga aro kirdi. Bu haqda Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasayayotganini ko‘rsatib o‘tdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 2023 yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.

Davlatimiz rahbari bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini qayd etib,  hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmasligini aytdi.  O’zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaverishiga alohida urg‘u berdi.

O’zbekiston yetakchisi aytganidek, mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilanmoqda. Bu boradagi to‘siqlar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Mamlakatimizga o‘z mablag‘ini tikkan har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun barcha imkoniyalar yaratilmoqda. Masalan, so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari oshib boryapti. Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. 2023 yilda xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Yana shuni alohida e’tirof etish lozimki, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilishda muayyan natijalarga erishilmoqda.

Endi shu o‘rinda bir savol tug‘ilishi tabiiy. Nega yurtimizda bu masalaga bu qadar katta e’tibor qaratilmoqda? Buning boisi shundaki, milliy iqtisodiyotimizni ko‘tarish, texnik va texnologik yangilash, yuqori barqarorlik va iqtisodiy yuksalishlarga erishishda investitsiyalar jalb qilishning ahamiyati juda katta. O’zbekistonning investorlarga o‘z eshigini katta ochayotganining boisi ham shunda. Masalan, energetika sohasini olaylik. “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”, kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “CAMCE”, tog‘-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yo‘nalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani ana shu sa’y-harakatlar samarasi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Forum doirasida dunyoning ilg‘or kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start berilgani esa olamshumul voqea bo‘ldi. Bu loyihalr jonajon diyorimizda iqtisodiy yuksalishlarga qanot bo‘ladi. Natijada xalq turmush farovonligi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z-o‘zidan bartaraf etiladi. Chunki yurtimizda investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bunday istiqbolli loyihalar yaqin yillarda o‘zining ijobiy samarasini beradi. Bunga ishonchimiz komil.

         Yana bir gap. Dunyoning manaman degan yirik investorlarining O’zbekistonga ochiq chehra, yaxshi niyat bilan kirib kelishi yurtimizning mislsiz g‘alabasi, desak, sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Axir o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, dunyoda siqilib, bir chekkadan nomi chiqmay, o‘z mahsulotini dunyoga chiqara olmay yurish qaydayu, 93 ta mamlakatning 2500 dan ziyod cho‘ntagida sarmoyasi bor biznesmenlar bilan hamkorlik qilgan qayda?  Tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz, uchinchi Toshkent xalqaro investitsiyalar forumi bu O’zbekistonning dunyo ustidan qozongan mislsiz g‘alabasidir. Qolversa, davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra olgan oqilona siyosati tufayli xorijiy investorlarga dividend solig‘idan imtiyozlar berildi. Xususiylashtirish jarayonining huquqiy asoslari mustahkamlandi va xususiylashtirish dasturi yanada kengaytirildi. Muhimi esa tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy qilindi, sanoat zonalari infratuzilmasi rivojlantirilmoqda. Yerlarni ajratishning shaffof tizimi joriy qilindi.

         Ko‘ryapsizmi, bu kabi imtiyoz va yengilliklar yurtimizda faoliyat boshlayotgan xorijiy investorlar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Investorlar uchun yana bir muhim manba: oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy o‘quv yurtlari soni 200 tadan ortdi. O’zbekistonda 90 dan ortiq davlatlar uchun vizasiz rejim joriy etildi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi, xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha uzaytiriladi. Axir bunday yangilanishlar qaysi yirik investorning ko‘zini “o‘ynatmaydi” deysiz.

 Prezidentimiz bizning asosiy maqsadimiz – O’zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir, deganida ana shunday imtiyozlarni ko‘paytirishni nazarda tutgani aniq. Binobarin, yurtimizda bozor munosabatlarini rivojlantirish, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishi, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratish, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligini ta’minlanish yo‘lida izchil islohotlar olib borilmoqda.

         Ona sayyoramiz “hansirab” turibdi. Dardini biz tinglamasak, kim tinglaydi? Dunyoning yirik investorlari loyihalarida ham kelajakda farzandlarimizga musaffo havo, yashil tabiat, sog‘lom yer qoldirishdek, maqsadlar mujassam. Buni ular bilan suhbat jarayonida bir necha bor guvohi bo‘ldik. Shu jihatdan bugun tilimizda “yashil energetika”, “yashil iqtisodiyot”, “yashil sanoat” kabi iboralar tushmay qoldi. Buning o‘ziga xos sabablar bor. Misol uchun yer osti zaxiralaridan foydalanib, elektr energiyasi ishlab chiqarish atrof-muhitga qanchalik zararli ekanini bugun tushunib yetyapmiz. Shu bois investorlar O’zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishda faollik ko‘rsatishmoqda. Investorlar bilan hamkorlikda “yashil” energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish nafaqat O’zbekiston balki butun mintaqamiz uchun juda dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ish olib borilayotgani quvonarli. 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Strategik sheriklar bilan birgalikda yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo qilinmoqda, “yashil vodorod” ishlab chiqarish ishlari boshlandi. O’tgan yilning o‘zida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi.

         Forumda yana bir quvonarli voqea ro‘y berdi. Ya’ni qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratib, mamlakatimiz yetakchisi barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi. Demak forum doirasidagi loyihalar mintaqada muammolarni hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa qo‘shni davlatlar bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi.

         O’zbekiston xudo yorlaqagan davlat. Yer osti boyliklarining o‘zi istiqboli porloq yurt ekanidan dalolat berib turibdi. Ammo biz bu tabiiy boyliklardan unumli foydalana olyapmizmi? Qaysi ma’danlarning hali “ko‘zi” ochilmagan, qaysi mineral resurslar o‘zlashtirilmasdan turibdi? Bu borada forumda investorlarni jalb qilish yuzasidan shartnomalar imzolangani nur ustiga nur bo‘ldi. Hammamizga ma’lumki, yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uran, 30 dan ortiq kamyob metallarning ulkan zaxiralari mavjud va xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi hamkorlikni rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

         Baribir hamkorlik yaxshi narsa-da. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan “ol tovg‘im, ber tovog‘im” kabi qo‘shnichilikning ming yillik an’analari qayta tiklangani bu yangi taraqqiyot sari tashlangan muhim qadamdir. Yana bir misol: xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O’zbekiston va O’zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangani qanday yaxshi.  Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborishini tasavvur qilyapsizmi? Axir Markaziy Osiyo Shimol va Janub, Sharq va G’arb bilan bog‘lanadigan global tranzit markaziga aylansa, bu imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi-ku! Shunday olamshumul loyihalar amalga oshirilayotganidan biz qancha faxrlansak arziydi.

Fikrimiz so‘nggida Prezidentimizning  “Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir” degan ibratli so‘zlarini keltirib o‘tmoqchiman. Xulosa shuki, mamlakatimiz rahbari rahnamoligida O’zbekiston dunyo sahniga yangi qadam qo‘ymoqda. Bu — Yangi O’zbekistonning qutlug‘ qadamidir. Uning shaxdam va o‘ktam bo‘lishini tilam qolamiz.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi  raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

  • Ko'rildi
    35
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+