Mehnat muhojirlarining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

04.06.2024, 12:33

Mehnat muhojirlarining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

Mehnat muhojirlarining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

 

Keyingi yillarda mehnat muhojirlari bilan bog‘liq masalalar har bir davlatning kun tartibidagi masalaga aylangan. Xususan, xorijiy davlatda mehnat migranti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarni huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratishni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish kabi vazifalar o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelayapti.

Mamlakatimizda ham mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, Vataniga qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish davlat rahbarining doimiy nazoratidagi masalalardan biri.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq, endilikda 1 iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish, «ishchi viza»ni rasmiylashtirish va yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi. Shuningdek, farmon bilan xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish uchun jo‘nab ketayotgan yoki vaqtincha ishlayotgan fuqarolarga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy, konsullik xizmatlarini ko‘rsatish masalalari ham belgilab qo‘yildi.

Joriy yilning 1 iyunidan «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravarigacha, «Ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun esa BHMning 5 baravarigacha,  yo‘l chiptasi uchun BHMning 2 baravarigacha kompensatsiya to‘lab beriladi. Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, yuqorida belgilangan kompensatsiya summasi fuqaro xorijda ishga joylashganidan so‘ng bir oydan kechikmasdan uning arizasida ko‘rsatilgan bank plastik kartasiga o‘tkazib berilishi ham mazkur farmondan joy olgan. Farmon kuchga kirgan sanadan boshlab, hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.

Farmonda belgilangan subsidiyalar 2024 yil 1 iyunidan 2026 yil 1 yanvariga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs  bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

Aytish joizki, bu moddiy yetishmovchilik yoki munosib ish taklifi sabab xorijiy davlatga ketish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning ortiqcha sarf-xarajat qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik barobarida har tomonlama davlat himoyasida ekanini his qilishga yordam beradi. Endilikda 2024 yilning 1 sentyabriga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun ishlaydigan  Call-markaz tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur hujjatga muvofiq, xorijda vaqtincha ishlayotgan va og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarga moddiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengayadi. Shu bilan birga 2024-2025 yillarda Buyuk Britaniyada (London), Germaniyada (Berlin), Turkiyada (Istanbul) va Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod) agentlikning vakolatxonlarini ochish rejalashtirilmoqda. Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy etiladi. Bu esa mehnat migrantlarining ish tanlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. 

Shu asosda joriy yilning 1 iyulidan e’tiboran, xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan shaxslarga chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat beriladi. Bunda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan mablag‘lar tijorat banklarida ochilgan maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Xususiy bandlik agentligi shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarganidan so‘ng, uning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda to‘xtalish lozimki, bugunga qadar xorijda ishlab qaytgan vatandoshlarimiz uchun ish topishda ovoragarchiliklar bor edi. Ish topsa, maoshi to‘g‘ri kelmaydi, maoshi to‘g‘ri kelsa, salohiyati yetishmasligi aytilardi. Shu boisdan ham, vatanga qaytgan “diplomsiz” yurtdoshlarimiz ko‘pincha tadbirkorlik, dehqonchilik yoki chorvachilik bilan shug‘ullanishni afzal ko‘rishardi. Mazkur farmon bilan esa u kuchga kirgan sanadan boshlab xorijda ishlab qaytgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Shu bilan birga ularga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik va boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi uchun “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga muvofiq kreditlar ajratiladi.

Eng muhimi, 2025 yil 1 iyulga qadar O’zbekistondan tashqariga chiquvchi va kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Bundan tashqari, chet elda vaqtincha ishlovchilar uchun ayni paytda bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish uchun mobil ilova yaratiladi.

 Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratsak. Keyingi yillarda mehnat migrantlari bilan bog‘liq zo‘ravonlik, tazyiq, kamsitilish va majburiy mehnatga jalb qilish holatlarining sodir etilayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Farmonga binoan, ayni vaziyatga tushgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O’zbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

 Ushbu farmon ijrosi doirasida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasida “Reintegratsiya” moduli yaratiladi. Har bir mahallada “mahalla yettiligi” tomonidan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni xatlovdan o‘tkazish va natijalarini “Reintegratsiya” moduliga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, rasmiy bandligi ta’minlanishi hokim yordamchilari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlaridan (KPI) biri etib belgilandi.

Farmonga binoan joriy yilning 1 iyuniga qadar “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasi va “Bandlik xizmati” axborot tizimi “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi. Hokim yordamchilariga “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali milliy vakansiyalar bazasidagi va xorijiy ish beruvchilarda mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari hamda ushbu ish o‘rinlariga qo‘yilgan talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron tarzda olish imkoniyatini yaratiladi. Ayni muddatdan boshlab, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga esa davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti joriy etiladi.

Farmon qabul qilinishining yana bir ehtiborli jihati, nafaqat xorijda mehnat qilayotgan yoki vatanga qaytgan vatandoshlarimizni har tomonlama himoya qilish, balki ularning farzandlarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Unga muvofiq, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari negizida ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan boshlab mazkur markazning hududlarda faoliyat yuritayotgan xodimlari tomonidan xorijda mehnat qilayotgan migrantlar xonadonidagi ehtiyoj va muammolari aniqlanib, “Keys-menejment” (Case-Manager) usuli asosida  yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi ham belgilab qo‘yildi.

Shuning barobarida mazkur farmon ijrosi doirasida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga — hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid hisobotlarini eshitish doirasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, hisobotlar tinglanadi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi har yili Oliy Majlis Senatiga tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot kiritadi. Ayni paytda dunyo siyosiy maydonida ro‘y berayotgan voqea-hodisalar fonida eng ko‘p jabr ko‘radiganlar mehnat migrantlari bo‘lishini hisobga olsak, mazkur farmonning qabul qilinishi davlatimiz yetakchisining bu boradagi g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlovining yorqin ifodasidir.

Bahramova Mohinur Bahramovna

Yuridik fanlari doktori,

TDYuU dotsenti,

O‘zLiDep Chilonzor tuman kengashi a’zosi

 

 

 

  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+