Jizzaxlik faxriylarimiz faoliyati samaradorligining siri nimada?

11.06.2024, 11:55

Jizzaxlik faxriylarimiz faoliyati samaradorligining siri nimada?

Yoshi ulug‘, boy hayotiy tajribaga ega nuroniy insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning maslahatlari va o‘gitlariga amal qilish xalqimiz mentalitetiga xos bo‘lgan xususiyatlardan biridir.

         Viloyatimizdagina emas, balki respublikamizda ham obro‘ qozongan   insonlar - O’zbekiston Qahramoni Parda Ziyotov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Norqul Nusharov, Buvsara Qarabekova  kabi taniqli fermerlar, tadbirkorlar, quruvchilar, olim, shifokor va boshqa soha vakillaridan iborat  214 nafar tajribali maslakdoshlarimiz  o‘rin olgan  O’zLiDeP Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti tarkibidagi Faxriylar Kengashi  faoliyatiga nazar solsak bunga yana bir bor amin bo‘lishimiz mumkin.

         Ular faoliyatida, hisobot uchun emas, balki el-yurt, partiya manfaati uchun sidqidildan qilingan amaliy ishlar mo‘lroq. Chunki, faxriylarimiz har bir insonning quvonchi tashvishini o‘zlariniki kabi qabul qilishga, yutuqlardan suyunishsa, muammolardan kuyunib, unga yechim topishga o‘rganishgan.

Misol uchun, “Har bir nuroniy - besh nafar yoshga murabbiy”,  tamoyili asosida  joylardagi tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlar bilan ishlashning yo‘lga qo‘yilishi natijasida o‘nlab yoshlarimizning muammolariga yechim topildi. Ularning bandligi ta’minlanib, tadbirkorlikka jalb qilindi.

Faxriylarimizning mahallalarda amalga oshirayotgan ishlari ayniqsa diqqatga sazovor. Joriy yil aprel oyida Prezidentimizning  Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida mahallalarda bunyodkorlik jarayonlarini jadallashtirish, tomorqachilik, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalarni tom ma’noda gullab yashnagan, ma’naviyat maskanlariga aylantirish borasida bir qator vazifalar belgilab berildi. Bugungi kunda ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashda faxriylarimiz alohida jonbozlik ko‘rsatmoqdalar.

Jizzax viloyatida 309 mahalla mavjud. Joriy yilning birgina aprel oyida  viloyatimizdagi  2 741 ta xonadonga ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga 22 005 nafar  fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Ulardan 13200 nafari o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar bo‘lsa, 593 nafar yurtdoshlarimiz yakka tartibdagi tadbirkorlikka jalb qilindi. 1669 ta yangi dehqon xo‘jaliklari ish boshladi. Bu jarayonlarda Faxriylar Kengashi a’zolarining munosib ulushi borligi biz uchun faxr.

Joriy yil iyun oyida viloyatimiz mahallalarida  mingdan ortiq mikroloyihalari amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratishda juda qo‘l kelishi tabiiy.

 Mahallalarni hukuqbuzarlikdan holi maskanlarga aylantirish, yoshlarimizni oilaviy qadriyatlarni e’zozlashga chorlashda ham faxriylarimizning munosib hissalari bor. O’tgan vaqt davomida faxriylarimiz har bir mahallada bu borada uchrashuvlar, suhbatlar o‘tkazishdi. Eng muhimi, bu jarayonga rasman yondashmay, har bir xolatda muammo alohida o‘rganilmoqda, har bir yurtdoshimiz, u xoh ota-onalar, xoh yoshlar bo‘lsin dildan suhbatlashilmoqda. Shundan so‘ng “mahalla yettiligi” vakillari, hamkor tashkilotlar, deputatlar bilan birga  muammoga yechim izlanmoqda. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Faxriylarimiz aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishda shaxsiy ibrat ko‘rsatishayotgani esa alohida tahsinga loyiq. “Shijoatli keksalar” maxsus sport musoboqalariga nafaqat partiyamiz faxriylari, balki mahallalardagi nuroniylar ham jalb qilinmoqda. Bu esa ularning  farzandlari, nevaralariga ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Yangi O’zbekistonimizni gullab yashnagan, taraqqiy  topgan, xalqimiz farovon yashaydigan o‘lkaga aylantirishda, bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan, partiyamiz Dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda faxriylarimiz bundan keyin ham faollar safida bo‘lib qolaveradilar, deb ishonamiz.

Jalil KYeNJAYEV,

O’zLiDeP Do‘stlik tuman Kengashi Faxriylar Kengashi raisi, “Shuhrat” medali sohibi

  • Ko'rildi
    29
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+