Chinozning ishbilarmon ayollari aniqlandi

15.06.2024, 11:38

Chinozning ishbilarmon ayollari aniqlandi

Maxbuba Xoliqulova bundan o‘n yillar muqaddam o‘zining mo‘‘jazgina hovlisida turli sabzovot ekinlarining ko‘chatlarini parvarishlash ortidan o‘z tomorqa biznesiga asos solgandi. Dastlab qo‘ni-qo‘shnilar yordamidan foydalangan Maxbuba opa sekin-asta ularni yollanma ishchi sifatida ko‘chat yetishtirish ishlariga jalb qila boshladi. Bugun opaning 20 sotixdan ortiq maydonda barpo etilgan maxsus issiqxonalarida 10 dan ortiq sabzavotlarning eng sara navlari, turli manzarali gullarning ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Quvonarlisi, 35 nafardan ziyod mahalla aholisi ishlaydigan mazkur oilaviy korxonada qishloqning ish bilan band bo‘lmagan, “Ayollar daftari”da turuvchi xotin-qizlari ham mehnat qilishmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilayotgan “Ishbilarmon ayol – 2024” ko‘rik-tanlovining Chinoz tumanida o‘tkazilgan mahalla bosqichida ishtirok etgan Maxbuba opa o‘zi kabi xotin-qizlar bandligini ta’minlashga xissa qo‘shayotgan tadbirkor ayollar bilan bellashganidan mamnunligini aytadi.

- “Ko‘rik-tanlovda ishtirok etarkanman, o‘zim kabi tadbirkor ayollar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmani to‘ldirib turgan mahsulotlarni ko‘rib, ularni shu yerga yetib kelgunicha mehnati singgan qo‘li gul, ishbilarmon opa-singillarimizning yuragidagi ezgulik mahsuli ekanidan faxrlandim. Ular bilan bir maydonda bellashayotganimdan iftixor tuydim. Har bir ishtirokchi nainki, o‘zi balkim, boshqa oddiygina qishloq ayollarining ham bandligini ta’minlab, farovonligini oshirishga erishgan. Ishsiz o‘tirgan opa-singillarimizni boshini qovushtirib, hunarli, ishli bo‘lib, moddiy ahvolini o‘nglab olishida yaqindan ko‘maklashgan. Tanlovdagi ishtirokim meni yanada ruhlantirdi. Oilaviy korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirib, mahallamizdagi boshqa ayollarga o‘z tomorqasidan unumli foydalanib, daromad topishlarida yordamlashishga undadi. Kelgusida opa-singillarimizni ish bilan ta’minlabgina qolmasdan, ularga o‘z tajribalarimizni o‘rgatish orqali o‘z biznesini boshlashiga ko‘maklashib, safimizni yanada kengaytirishni maqsad qilib oldim”.

“Ishbilarmon ayol – 2024”ning Chinoz tumanida o‘tkazilgan mahalla bosqichida “Birlik” MFY istiqomat qiluvchi 14 nafar eng faol tadbirkor xotin-qizlar qatnashishdi.

Chinozlik ishbilarmon ayollar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma pavilonlarida to‘qimachilik, hunarmandchilikning zamonaviy dekorativ bezaklarining chiroyli namunalari, tikuvchilik, qandolatchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari namoyish etildi.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi bo‘lim mudiri Sevara Muslimova, partiya viloyat hamda tuman Kengashlari mutasaddilari, Chinoz tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Vasila Mansurova, tuman IIB profilaktika ispektori, “Birlik” MFY  “mahalla yettiligi” vakillaridan iborat tarkibdagi hay’at a’zolari ishtirokchilarning har biri bilan suhbatlashib, ular samarali rahbarlik qilayotgan korxona faoliyati bilan tanishishdi. Tadbirkorligini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga doir kelgusi rejalari bilan ham qiziqishdi.

 Odil hakamlarning ta’kidlashicha, ishtirokchilarning har biri g‘oliblikka munosib. Biri oddiygina hunari ortidan halol daromad topib, dugonasi yoki qo‘ni-qo‘shnisiga o‘z hunarini bepul o‘rgatib, yoniga olib, o‘zi yaratayotgan bejirim liboslarda milliy qahramonlar obrazini gavdalantirayotgan bo‘lsa, yana boshqasi o‘zining mo‘‘jazgina tomorqasida ish boshlab, bugun mahalla ahlini halol daromad topishiga sababchi bo‘lib kelmoqda.

Tanlov hay’ati a’zolarining yakuniy xulosalariga ko‘ra, bolajonlar uchun ertakona liboslar yaratish bilan shug‘ullanib kelayotgan “Raximova Nazokat Valijon qizi” YaTT rahbari Nazokat Raximova faxrli 3-o‘rin, tomorqachilik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zi kabi 10 lab mahalla ahlini ish bilan ta’minlagan Nasibaxon Tursunova 2-o‘rin, “Nilufar nihollari” MChJ rahbari Maxbuba Xoliqulova esa 1-o‘ringa munosib deb topilishdi.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari partiyaning diplom va tashakkurnomalari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

 

  • Ko'rildi
    16
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+