O‘zLiDeP sirdaryolik yoshlar uchun Toshkent shahriga sayohat uyushtirdi

10.04.2019, 18:22

O‘zLiDeP sirdaryolik yoshlar uchun Toshkent shahriga  sayohat uyushtirdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda fermer, tadbirkor va o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Toshkent shahriga sayohat uyushtirdi.

Dastlab ishtirokchilar poytaxtdagi “Dimax” savdo-ko‘rgazma biznes markazida o‘z ishini boshlagan “UZBEKBUILD” o‘zbek-turk qurilish ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Ko‘rgazmada qurilish bo‘yoqlari, metalga ishlov berish qurilmalari, elektr yoritqich jihozlari va uskunalari, yoritqich ustunlari, isitish tizimi, sovutish va havo aylantirish tizimi, kranlar, yo‘l to‘siqlari, yuk va yo‘lovchi ko‘targichlari, ishlov berish uchun dekorativ materiallar bilan yaqindan tanishdi.

Keyingi manzil “O‘zekspomarkaz” binosida tashkil etilgan “Oziq-ovqat sanoati – UzFood 2019” 19-Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘ldi.

Ishtirokchilar ko‘rgazma davomida Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Xitoy, Rossiya, Daniya kabi 20dan ortiq davlatlarning oziq-ovqat sohasidagi qayta ishlash, qovurish, quritish, qadoqlash va boshqa shu kabilarni o‘zida jamlagan ilg‘or texnologiyalari va uskunalaridan tortib to qandolatchilik mahsulotlari, ichimliklarning keng turlari, sut va go‘sht mahsulotlari, choy va qahva, ziravorlar kabi tayyor oziq-ovqat mahsulotlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

“Sayohat davomida ishtirokchilarga havola etilgan mahsulotlar bizga juda  manzur bo‘ldi. Endi men ham tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yib, qandolatchilik bilan shug‘ullanmoqchiman. Agar o‘z biznesimni boshlasam viloyatimizning bog‘bon va dehqonlari yetishtirgan mahsulotlarni uzoq muddatga sifatli saqlash va dasturxonlariga arzon, chiroyli yetib borishiga erishaman. Eng muhimi, 10 nafar kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlayman”, –deydi Guliston tibbiyot kolleji bitiruvchisi Nozima Xoldorova.

Ta’kidlash kerak, bir kunlik sayohat shaharning ikki manzilini zabt etgan bo‘lsa-da, yoshlarga olam-olam ma’naviy ozuqa ulashdi.

 Elyor JO‘RAYEV,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    831
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+