Odamlar ertaga yoki kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi

06.04.2018, 11:43

Dilshod Shoumarov
Dilshod Shoumarov

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi o‘zgarish va islohotlarning tub zamirida ana shu ezgu maqsad mujassam.

Yurtimizda keyingi bir yarim yil mobaynida aholining hayotiy muammolarini o‘z vaqtida hal etish va munosib turmush sharoitini yaratish, odamlarning daromadi va farovonligini izchil oshirib borish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizni hayotdan rozi qilishga birlamchi e’tibor qaratib kelinmoqda.

Inson qachon hayotdan rozi bo‘ladi va yangilikka intilib yashaydi? Qachonki, o‘zi istagandek to‘kis va farovon hayotni orzularida emas, balki kundalik hayotida ertaga emas, aynan bugun to‘la his etsa, o‘z turmushidan, oilasidan ko‘ngli xotirjam bo‘lsa, avvalo, uning dunyoqarashi o‘zgaradi, islohotlarga daxldorlik hissi kuchayadi, yangilik yaratish fikri tug‘iladi, aniq fuqarolik pozitsiyasi shakllanadi. Shu ma’noda yaqinda qabul qilingan “Obod qishloq” dasturi doirasida Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘idan boshlangan bunyodkorlik ishlari aynan shu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuotda e’lon qilingan “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham ushbu amaliy tashabbusni huquqiy jihatdan ham to‘ldirdi, takomillashtirdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning maqsadi arxitektura va qurilish sohasini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, hayot va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan shaharsozlik faoliyatini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, qolaversa, shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etishdan iboratdir.

Nega qurilish sohasiga bunchalik katta e’tibor qaratilyapti? Boisi, bu boradagi ishlarni yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqishni bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrning o‘tkir talablaridan biri deb qabul qilish kerak. Zero, buning natijasida nafaqat aholini qulay uy-joy bilan ta’minlash, balki mamlakatning qurilish va iqtisodiyot sohasidagi islohotlarini barqaror rivojlantirish mumkin. Qolaversa, qurilish sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, kommunal va ijtimoiy soha, transport va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, eng asosiysi, aholini ish bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Buning natijasida esa aholini toza ichimlik suvi, elektr va boshqa yonilg‘i-energetika resurslari, qayta tiklanadigan energiya manbalariga bo‘lgan talabi, ehtiyoji oqilona, innovatsion yo‘l bilan hal etiladi.

Shu o‘rinda ushbu farmonga qadar ham mamlakatimizda muhtaram yurtboshimiz rahnamoligi va bevosita boshchiligida bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Xususan, 2016 yil oxiridan boshlab aholining kam ta’minlangan qatlami uchun shaharlar va qishloq aholi punktlarida arzon uy-joylarni qurish ishlari yanada tezkor sur’atlarda davom ettirib kelinmoqda. Birgina o‘tgan yili minglab ana shunday qulay, arzon, bir va ikki qavatli uylar qurilgani fikrimizni tasdiqlaydi.

Shaharsozlik sohasiga oid asosiy masalalar va muhim muammolarni hal etish g‘oyat dolzarb vazifa ekani inobatga olinib, 2017 yil 1 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon hamda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Har ikkala hujjat sohadagi bo‘shliqlarni, kamchiliklarni to‘ldirishga qaratilgan aniq vazifalarni o‘zida aks ettirdi. Davlatimiz rahbarining farmoni esa ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida qurilish sohasida tizimli ishlarni davom ettirishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi.

Mazkur farmonning ahamiyati, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalo shuni ta’kidlash kerakki, bugun dunyoda innovatsion taraqqiyot, axborot texnologiyalari shunday shiddat, shunday tezlik bilan rivojlanayaptiki, barcha sohalar qatori qurilish sanoatini ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Buning natijasida dunyo me’morchiligida shunday uslublar paydo bo‘lmoqdaki, insonlarga misli ko‘rilmagan darajada qulaylik yaratib bermoqda. Buning natijasida hayotimizga “aqlli shahar” atamasi tobora chuqurroq kirib kelayapti.

«Aqlli shahar»da biznes yuritish uchun namunali shart-sharoitlar muhayyo etilgan, davlat xizmatlariga “bir zumning o‘zida” onlayn orqali chiqish imkoniyati yaratilgan, zamonaviy transport infratuzilmasi rivojlangan, eng muhimi, aholisi o‘qimishli, saviyasi baland, siyosiy faolligi va turmush darajasi yuqori bo‘lishi kerak. Tez va oson rasmiylashtiriladigan avtomobillarni ijaraga olish tizimi, avtoulovlar saqlanadigan avtomatlashtirilgan “smart parking” va shu kabi kundalik ehtiyoj uchun zarur boshqa qulayliklarga ega bo‘lishi lozim. Shu ma’noda Prezidentimiz farmonida arxitektura-qurilish sohasini boshqarishning shaharsozlik faoliyatiga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini beruvchi zamonaviy tizimni yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas. Bu judayam to‘g‘ri qaror. Bugun shu masalada jiddiy bosh qotirilmasa, ertaga qurilish sanoatida zamondan orqada qolish hech gap emas. Shunday ekan, partiyamiz ham bu borada o‘zining aniq takliflarini ishlab chiqishi zarur, deb hisoblaymiz.

Yana bir gap. Agar qurilish sohasiga axborot texnologiyalari va innovatsion yutuqlar qanchalik tez va sifatli joriy etilsa, mamlakatda investorlarning oqimi ham shunga yarasha ko‘payib borar ekan. To‘g‘ri, investor, avvalo, mamlakatda qulay biznes muhiti, soliq qonunchiligi, imkoniyat va imtiyozlar bilan qiziqadi. Lekin zamonaviy beznesmen bulardan tashqari o‘zi faoliyat yuritayotgan shahar bo‘ladimi yoki boshqa chekkaroq hududmi, yashash sharoiti, infratuzilmasini ham so‘zsiz hisobga oladi.

Mana, masalan, Yaponiyaning Fudzisava shahri bugun sayyohlar hamda investorlarni ohanrabodek jalb etmoqda. “Aqlli shahar” maqomiga erishgan mazkur megapolisdagi barcha binolarda faqat quyosh energiyasidan foydalaniladi. Bu yaxshi samara bermoqda. Natijada suv sarfi ichish, yuvinish, cho‘milishni qo‘shib hisoblaganda 30 foizga qisqargan. Shahar ko‘chalarida faqat elektr avtomobillarda, o‘ziyurar samokatlarda yoki velosipedlarda yurish odat tusiga kirib bormoqda. Shahar ko‘chalarida sensor tizimlari o‘rnatilgan, ko‘cha yoritgichlari faqat odamlar ko‘chaga chiqqanida, ya’ni ehtiyoj paydo bo‘lganida yonadi. Yoki bo‘lmasa, Buyuk Britaniyadagi Milton-Kins shahrini olaylik. Ishbilarmonlik, innovatsiya va kasb-hunarmandchilik vazirligi tomonidan “Catapult Transport Systems” dasturi hayotga tatbiq etilganidan keyingina “aqlli shahar” mavqei – statusini oldi. Shundan so‘ng maxsus ishlab chiqilgan “MK:Smart” loyihasi ishga tushirildi. Bu usul bo‘yicha yerning sun’iy yo‘ldoshlaridan, zaminning seysmologik holatini aytib beradigan datchiklardan, elektr energiyasi, suv iste’moli bo‘yicha hisoblagichlardan, video nazorat kameralaridan olingan axborot hamda zarur boshqa ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘ilib shahar bo‘yicha bitta tizimga yetkazib beriladi. Shunday qilib, bu tizim fuqarolarga elektr energiyasi va suvdan foydalanishni nazoratga olish imkonini bermoqda. Ko‘rib turibsizki, bularning barchasi innovatsion g‘oya, innovatsion loyihalar asosida hayotga tadbiq etilgan.

Ayni paytda poytaxtimizda nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti, me’morchiligi tarixida katta voqea sifatida e’tirof etilayotgan Toshkent Siti biznes markazida qad ko‘taradigan binolar ham ana shunday “aqlli uy”lardan tashkil topishi nazarda tutilayapti. Shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki innovatsion rivojlanish yo‘liga dadil qadam qo‘ygan mamlakatimiz uchun boshqa yo‘l yo‘q. Yangi farmon bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchimiz komil.


  • Ko'rildi
    1741
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Набижон Артиков Каттақўрғон шахар Кенгаши аппарат рахбари2018-05-12 15:27:49

Ўзбекистон Республикаси Президентининг матбуотда эълон қилинган “Қурилиш соҳасида давлат бошқаруви тизимини тубдан такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги фармони аҳолининг кам таъминланган қатлами учунқулай, арзон, бир ва икки қаватли уйлар қурилгани ахолини кўпдан бери ушалмаган орзуларини ушалишига олиб келмоқда.


Анвар Асроров O‘zLiDeP Пахтачи тумани "Зиёвуддин спорти" МЧЖ БПТ раиси, Туман Кенгаши депутати2018-05-11 07:12:38

Ўзбекистон Республикаси Президентининг матбуотда эълон қилинган “Қурилиш соҳасида давлат бошқаруви тизимини тубдан такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги фармони аҳолининг кам таъминланган қатлами учун шаҳарлар ва қишлоқ аҳоли пунктларида арзон уй-жойларни қурилиши ва ахолини ўй -жой учун эхтёжини қондирилиши ахолини рози бўлишига сабаб бўлмоқда. Минглаб ана шундай қулай, арзон, бир ва икки қаватли уйлар қурилгани ахолини кўпдан бери ушалмаган орзуларини ушалишига олиб келмоқда.


Қашқадарё вилояти Кенгаши аппарат раҳбари - А.Шеров2018-05-08 18:29:36

Дарҳақиқат иннавиоцион ғоялар ва теҳналогияларга интилиш ва уларни қўллаб қувватлаш, мамлакат хаётига жорий этиш долзарб ва аҳамиятли масаладир. Мазкур соҳалар ривожи бизни иқтисодиёти тараққий этган мамлакатлар билан бир ўринга чиқишимизга имконият яратади.


Қашқадарё вилояти Кенгаши аппарат раҳбари - А.Шеров2018-05-08 18:29:36

Дарҳақиқат иннавиоцион ғоялар ва теҳналогияларга интилиш ва уларни қўллаб қувватлаш, мамлакат хаётига жорий этиш долзарб ва аҳамиятли масаладир. Мазкур соҳалар ривожи бизни иқтисодиёти тараққий этган мамлакатлар билан бир ўринга чиқишимизга имконият яратади.


Даврон Темиров. Бўка туман Кенгаши ижрочи котиби2018-04-29 10:37:38

Мамлакатни ривожлантириш -энг аввало муаммоларни тушунишдан бошланади. Президентимиз томонидан илгари сурилган халқ билан мулоқот тизими муаммоларни аниқлаб уларни ечимини аниқлаш имконини оширмоқда. Мамлакатимизнинг юксалишида бир даражада илгарилаб бораётганимиз боиси шу. Президентимизнинг Фармон ва Қарорлари шу йўл билан халқимизни бугун яхши яшашини таъминлаб бермоқда.Ҳар бир партия аъзоси, фаоли фуқароларимизга буни етказа олиши керак.


Fikringizni qoldiring

+