Aktam Xaitov: Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yilga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi

20.07.2020, 10:26

Aktam Xaitov: Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yilga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi

Suv — hayot manbai, mo‘l hosil garovi. Azaldan xalqimiz suvni tabiatning bebaho ne’mati deb bilgan va uni tejab, oqilona foydalanishga e’tibor bergan. Xalqimizning suvni zarga, suvchini zargarga mengzashida ham chuqur ma’no bor. Negaki, u tufayli muborak zamin gul va bog‘larga aylanadi.

Shu boisdan so‘nggi yillarda mamlakatimizda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Nega deganda, mazkur Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, mamlakat suv xo‘jaligi sohasida 10 yilda qator ko‘rsatkichlarini yaxshilab, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etadi.

Suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarining joriy qilinishini yanada kengaytirish va davlat tomonidan rag‘batlantirib borish, ushbu sohaga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.

Mazkur hujjatda 2030 yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish ham nazarda tutilgan:

birinchidan, sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

ikkinchidan, suv ta’minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;

uchinchidan, sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;

to‘rtinchidan, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 25 foizga kamaytirish;

beshinchidan, 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish hamda suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish belgilab qo‘yilgani ham diqqatga sazovordir.

Muhim vazifalardan yana biri – O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020−2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xarita"si tasdiqlanib, unda suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida Suv kodeksi ishlab chiqiladi.

Davlatimiz rahbari farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga zimmasiga ham alohida vazifalar yuklandi. Endilikda Konsepsiyaning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatiladi.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirliklar va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlari har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib boriladi.

Xulosa qilib aytganda, dehqonchilik keng rivojlangan yurtimizda suv resurslarini oqilona boshqarish muhim ahamiyatga ega. Sohaga oid mazkur farmon 2020-2030 yillarda aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1774
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+