Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki kengaytirilmoqda

26.08.2020, 09:16

Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki kengaytirilmoqda

Soʻnggi yillarda mamlakatda faol investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

2017-2019-yillarda iqtisodiyotda oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2,1 barobarga, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga 2,8 barobarga ortgan. Yalpi ichki mahsulot tarkibidagi investitsiyalar ulushi 2016-yildagi 21 foizdan 2019-yil yakuniga koʻra 38 foizdan koʻproqqa oʻsdi. Ushbu davrda tashqi savdo aylanmasi hajmi 1,7 barobarga oshdi.

Investitsiyalar va tashqi savdodagi yuqori faollik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarining 1,24 barobarga, qurilishning 1,44 barobarga oʻsishiga ragʻbatlantiruvchi taʼsir koʻrsatdi, ularning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 24,1 foizdan 33,2 foizgacha oʻsdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror oʻz vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga egadir. 

Negaki, unga muvofiq, 2020-yil 1-noyabrdan boshlab ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori boʻlgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi.

Xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi. Shu bilan birga, davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar boʻyicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (Oʻzbekiston) narxidan 15 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda preferensiya beriladi.

2021-yil 1-yanvardan esa strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilinadi.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, joriy yil 1-oktyabrdan boshlab byudjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatini shakllantirishda ularni cooperation.uz portalida roʻyxatdan oʻtgan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda oʻrganadi.

Korporativ buyurtmachi – korxonalar rahbarlari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan (texnik koʻrsatkichlar, ishlab chiqarish hajmlari va muddatlari boʻyicha) xarid qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning korporativ xaridlarini import orqali amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini kuzatuv kengashlariga (taʼsischilarning umumiy yigʻilishlariga) asoslab beradi.

Bular hali hammasi emas. Ushbu hujjat bilan 2021-yil 1-yanvardan xorijiy mamlakatlarda xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimiga kiritilgan mahsulotlarni “erkin muomalaga chiqarish uchun” bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi.

Yana bir muhim jihat, 2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro, mintaqalararo va xorijiy standartlarni ularning asl tilidagi mahsulotga talablarni oʻzgartirmasdan xuddi shunday koʻrinishda qabul qilish orqali, 1995-yilgacha tasdiqlangan 5 236 ta standartlar “tartibga soluvchi gilyotina” usulida bekor qilinadi.

Shuningdek, 1-yanvargacha davlat investitsiyalarini boshqarishni baholashning umum qabul qilingan tamoyillari (PIMA) asosida markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni toʻliq va uzluksiz monitoring qilish tizimi joriy qilinadi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz qarorida «Davlat xaridlari toʻgʻrisida«gi qonun loyihasini (yangi tahrirda) ishlab chiqilishi ham belgilangan. Qarorning qabul qilinishi esa raqobat muhitini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    755
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+