Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish – bugungi kunning eng muhim talabi

17.09.2020, 16:16

Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish – bugungi kunning eng muhim talabi

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta salohiyatga ega. Shu bois, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi va boshqa tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar qabul qilindi. Maqsad bitta – iqtisodiy foyda ko‘rish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir.

Ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini hududlashtirish siyosati, klaster tizimini joriy etish, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini yaratish, sabzavot ekinlarini takroriy kuzgi ekish, tomorqa xo‘jaligi amaliyotini kengaytirish nafaqat hosildorlikni, balki qishloqda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Bularning barchasi Prezidentimizning har tomonlama puxta o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan siyosati, keng ko‘lamli islohotlari, yurtdoshlarimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining samarasidir.

Prezidentimiz tomonidan joriy yil 15 sentabr kuni imzolangan “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bu borada navbatdagi qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Negaki, unga muvofiq, Loyihani amalga oshirish doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining krediti hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari), qo‘shilgan qiymat solig‘idan va yig‘imlardan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, Loyiha doirasida jalb etiladigan qo‘shimcha qarz mablag‘lari, xususan, qishloq xo‘jaligida diversifikatsiya qilishni moliyalashtirish uchun ajratilgan 39,8 million AQSh dollarining 30,3 million AQSh dollari klaster va kooperatsiyalar hamda ularga a’zo bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga, 5 million AQSh dollari yoshlar va ayollar uchun, 4,5 million AQSh dollari esa Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish uchun 3,1 million AQSh dollari, bunda o‘rmon fondi yerlarida tik quduq qazish va nasos o‘rnatish orqali suv chiqarishga 2, qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiya va agroxizmatlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha 4,1 million AQSh dollari sarflanadi.

Yana bir muhim yangilik – mazkur hujjat bilan “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy ko‘rsatkichlari, “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasiga jalb etiladigan qo‘shimcha moliyalashtirish doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining qarz mablag‘larini so‘ndirish, foiz va komissiya to‘lovlarini amalga oshirish prognoz jadvali, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

Prezidentimiz qaroriga asosan Qishloq xo‘jaligi vazirligi endilikda Loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini hamda natijadorligini ta’minlaydi. Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari zimmasiga kredit liniyasini boshqarish, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi qarzining o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hisobot va monitoringni yuritish vazifalari yuklanadi.

Qarorda belgilab qo‘yilganidek, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining 35 325 000 AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘larining qaytarilishi to‘liqligicha Loyiha doirasida tijorat banklariga qayta kreditlanadigan mablag‘larning qaytarilishi hisobidan hamda qolgan 10 875 000 AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘larining qaytarilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan amalga oshiriladi.

Xulosa shuki, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi ijrosini ta’minlash va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirish ushbu qarorning asosiy maqsadi etib belgilangan. Uning ijrosi esa mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni kengaytirish asosida qishloq aholisi bandligi va daromadini oshirishga xizmat qiladi. 

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1979
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+