Yerdan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti

20.10.2020, 10:35

Yerdan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti

Yer umummilliy boylik, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Uning hisobini aniq yuritish va samarali foydalanish qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish kabi ko‘plab sohalar uchun juda muhim. Lekin tartib-intizom, hisob-kitob bo‘lmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj bo‘lib ketgan.

Masalan, mamlakatimizda yer xatlovi oxirgi marta 40 yil oldin o‘tkazilgan. 140 ta tuman ma’muriy chegaralari hozirgacha aniq emas. Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi 20 yil oldin qabul qilingan va hozirgi islohotlar talabiga javob bermaydi.

Shu sababli sohada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun tizimni isloh qilish boshlandi. Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 7 sentyabrdagi «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni ta’minlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qo‘yib, to‘liq shakllantirib olish zarurligi ta’kidlandi.

Inchunin, bugungi kunda 340 mingta ob’ektning kadastr qiymati belgilanmagan. Shundan 200 mingdan ziyod ob’ekt bo‘yicha soliq hisoblanmayapti. Qolaversa, 1 milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yo‘q. Shu jihatdan ko‘chmas mulk kadastri hisobini to‘liq shakllantirish zarur. Bu soliq solish bazasini kengaytirishda g‘oyat muhimdir. Zero, undan keladigan mablag‘lar to‘liq mahalliy budjetga tushadi va ular hisobidan ijtimoiy masalalarni hal etish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat. Hozirgi paytda yer solig‘i hisoblash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish ham hayotiy zaruratdir. Sababi viloyat markazlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarda ham, hosildorligi past joylarda ham yer solig‘i deyarli bir xilda hisoblanadi. Shu jihatdan yerlarning haqiqiy qiymatidan kelib chiqib soliq hisoblash, bunda oshirilgan va kamaytirilgan koeffitsiyentlarni qo‘llash tizimini joriy etish lozim bo‘ladi.

Videoselektor yig‘ilishida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik yoki yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish muammosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Chunki joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan. Shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan.

Davlatimiz rahbari yerdan unumli foydalanish, soha ravnaqiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilishga qaratilgan ustuvor vazifalarni aniq belgilab berdiki, bu o‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Xalq vakillarining joylarda doimiy nazorat hamda monitoringni olib borishi albatta, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning hayotiyligini ta’minlaydi.

«Yeri boyning eli boy», deydi xalqimiz. Shu ma’noda, mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi uchun, avvalo, yerni uvol qilmay, rizqu ro‘z undirishda hafsalasiz hamda sust kayfiyatdan to‘la xalos bo‘lmoq lozim. Toki, yerning umri zoye ketmasin, bozorlarimizdagi fayzu barakaga putur yetmasin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yerning har qarichi — oltinga teng. Demak, inson yashashi, rizq topishi, turmushini farovon qilish uchun undan unumli foydalanmog‘i lozim. Zero, hamma vaqt tiriklik manbai bo‘lib kelgan yerdan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 

Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1059
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+