O’zbekiston — ShHT: muhim tashabbuslar maydoni

20.09.2021, 20:52

O’zbekiston — ShHT: muhim tashabbuslar maydoni

Shanxay hamkorlik tashkiloti nufuzli xalqaro tashkilotlar orasida tobora munosib o‘rin egallamoqda, mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishning ta’sirchan omili bo‘lib xizmat qilyapti. Bularning barchasi ShHTning salohiyati va xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, ta’lim, energetika, transport, turizm va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lgan bu nufuzli tashkilot bugungi kunda o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turibdi.

Binobarin, ishtirokchi davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarga qarshi hamkorlikdagi salohiyati ortib bormoqda, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik kengaymoqda. O’tgan davrda ShHT hozirgi kun jahon maydonida munosib nufuzga ega bo‘ldi, dunyo siyosatining muhim sub’ektiga aylanib, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoridan munosib o‘rin egalladi.

ShHTni ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar hamkorlikning muhim vositasi sifatida qabul qilgan holda O’zbekiston tashkilotning asoschilaridan biri hamdir. Ayni damda mamlakatimiz ushbu tashkilotning faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda, uning tashabbuslari esa ShHT doirasida hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda 2001 yilda tashkil topgan mazkur tashkilotning to‘la huquqli a’zolari qatorida Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston davlatlari faoliyat olib bormoqda. Parlamentariylarning fikriga ko‘ra, ShHT dunyo aholisining deyarli yarmini va ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan ulkan iste’mol bozorini qamrab olgan makonga aylandi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 17 sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisidagi nutqida o‘tkir va dolzarb tashabbuslarni ilgari surganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Sammit kun tartibiga muvofiq, ShHTning o‘tgan 20 yildagi faoliyatining asosiy yakunlari hamda ko‘p qirrali hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bugungi kunda ShHT kun tartibida turgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqilib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Xususan, ShHT 20 yilligining Dushanbe Deklaratsiyasi qabul qilindi, tashkilot doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga yo‘naltirilgan 30 ta hujjat imzolandi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqli ravishda ta’kidlaganidek, bugun barchamiz jahon va mintaqadagi o‘sib borayotgan keskinlikning guvohi bo‘lib turibmiz. Pandemiya bilan bog‘liq noxush holat hamon saqlanib qolmoqda. Bularning barchasi ShHTdan tashkilot doirasida yanada yaqin jipslashuvni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni talab etmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbari nafaqat Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha xavotir bildirdi, balki mamlakatning yangi hukumati bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishning aniq tamoyillarini taklif qildiki, ular o‘z ichiga afg‘on xalqi barcha qatlamlarining davlat boshqaruvidagi keng siyosiy vakolatiga erishish, shuningdek, asosiy inson huquq va erkinliklari, shu jumladan, ayollarning va kichik elatlarning haq-huquqlariga rioya qilinishi kabilarni qamrab oladi.

Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarni jalb qilgan holda “ShHT-Afg‘oniston” formatidagi oliy darajali uchrashuvlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish to‘g‘risidagi taklifi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari bu sa’y-harakatlarni birlashtirish va Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy jihatdan tartibga solish masalalarini muhokama qilishga xizmat qiladi, deya ta’kidlaymiz.

Sammitning boshqa yana bir muhim jihati – bu O’zbekiston Respublikasining 2021-2022 yillardagi ShHTga raisligidir. Avval ham O’zbekiston ShHTga uch bor 2003-2004, 2009-2010, 2015-2016 yillar raislik qilgan. Misol uchun, 2016 yil Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning ShHTning a’zo mamlakati maqomini olishi yo‘lidagi majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi va bu davlatlar uchun tashkilotga yo‘l ochildi.

Dushanbedagi sammitda Tashkilotning mazkur davr uchun asosiy ustuvor masalalari va vazifalari ko‘rsatildi. Bu masala va vazifalar sarasiga Tashkilotning ishtirokchi davlatlari o‘rtasida 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani amalga oshirish bo‘yicha Kompleks dasturni tayyorlash va qabul qilish, savdo sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojhona tartib-taomillarini raqamlashtirishni ko‘zda tutuvchi mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar kiradi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan O’zbekistonning Tashkilot davlatlari biznes hamjamiyati vakillari o‘rtasida O’zbekistonda 2022 yilda Iqtisodiy forum va ShHT sanoat novatsiyalari haftaligini o‘tkazishga oid ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, ShHT sanoat kooperatsiyasi Dasturini qabul qilish va a’zo davlatlar hududida sanoat kooperatsiyasi markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflarini alohida ta’kidlash lozim.

Kelgusi yil transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha ShHT Strategiyasini qabul qilish muhim masalalardan bo‘lib, bu Tashkilot a’zo mamlakatlarining tranzit salohiyatini to‘laqonli ishga solish va “Sharq-G’arb” va “Shimol-Janub” yo‘laklar tizimining samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyevning energetika, kommunikatsiyalar, “yashil” rivojlanish sohasida transchegaraviy loyihalar kiritilishi mumkin bo‘lgan, ShHT makonida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli Dasturni birgalikda tayyorlash bo‘yicha muhim taklifi O’zbekistonning iqtissodiy hamkorlik muammolarini hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yaqqol namoyon etdi.

Xulosa qilib aytganda, ShHT Tashkilotning a’zo davlatlari o‘rtasidagi samarali iqtisodiy aloqalar, shu jumladan, ishbilarmonlik sohasidagi almashuvlarni kengaytirish va amaliy o‘zaro xatti-harakatlarni kuchaytirish uchun maqbul shart-sharoitlarni shakllantirish borasida birgalikdagi ishlarni eng muhim vazifalar qatorida yanada samarali bajarmoqda. Bu jarayonda parlamentariylar ShHTning ishbilarmonlik doiralari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasini qo‘llab-quvvatlash va tashqi savdo munosabatlarining yangi nuqtalarini aniqlashda qonun ijodkorligi sohasida ko‘mak beradilar.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    716
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+