Ayollarning dardi bilan yashaydigan yangi tizimni hayotga tadbiq etishda mas’ulmiz

02.03.2022, 18:23

Ayollarning dardi bilan yashaydigan yangi tizimni hayotga tadbiq etishda mas’ulmiz

Kecha davlatimiz rahbari raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar yurtimizdagi millionlab opa-singillarimiz qatori meni ham quvontirdi. Sababi yig‘ilishda Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha xotin-qizlarni birdek qamrab olishga qaratilgan yangi tizim joriy etilmoqda.

Mazkur tizimning mazmun-mohiyati haqida kengroq mushohada yuritadigan bo‘lsak, endilikda xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida belgilangan ustuvor vazifalarni tizimli, har bir mahalla kesimida amalga oshirish bilan yangi tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi shug‘ullanadi. E’tiborga molik jihati yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi hamda har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi. Ular markazdan tortib eng olis hududlardagi ayollarning dardi bilan yashaydi, ularni eshitadi va muammolarini hal qilishga ko‘maklashadi.

 Yig‘ilishda qizlarning yaxshi ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda ular uchun ta’lim sharoitlarini kengaytirish bo‘yicha tarixiy qarorlar qabul qilingani diqqatga sazovordir. Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida, poytaxtimizda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochiladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lanadi. Qolaversa, jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Bu hayotiy qarorlarni to‘la qo‘llab-quvvatlayman va opa-singillarimizni mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanishga chorlayman. Binobarin qiz bola oliy ma’lumotli bo‘lsa, qanchalik bilim va salohiyat olsa, buni kelgusida farzandlariga ham beradi, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga mas’uliyat bilan yondashadi. Yurtning kelajagi esa mana shunday dunyoqarashga ega onalar tomonidan yaratiladi.

Videoselektor yig‘ilishiida davlatimiz rahbari tomonidan har bir yo‘nalishda vazifa va uni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilab berildi. Mana masalan, ehtiyojmand xotin-qizlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga ko‘plab soliq va savdo imtiyozlari beriladigan bo‘ldi. Qolaversa, 2022-2024 yillar uchun «Biznes ayollar» dasturi qabul qilinishi belgilandi. Uning ijrosiga jami 8 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ayollar uchun tadbirkorlik kurslari tashkil etiladi, imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.

 Ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha ham tizimli vaziflar belgilab berildi. Xususan, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarning huquqiy himoyasi sud tomonidan ta’minlanishi, alohida himoyaga olish bir yilgacha belgilanishi belgilandi.

Umuman olganda yig‘ilishda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida hech bir masala e’tibordan chetda qolmadi. Bu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash biz deputatlar zimmaisiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Birinchi galda joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarga chiqqanimizda  belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyatini xotin-qizlarga kengroq tushuntirishimiz, kerak. Yana bir muhim vazifamiz, yig‘ilishda ilgari surilgan tashabbuslarni ijrosini deputatlik nazoratiga olishimiz zarur.

Shahnoza Xolmahmatova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    493
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+