Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash o‘z qo‘limizda

06.09.2022, 17:55

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash o‘z qo‘limizda

Bozorlarimizning to‘kinligi, savdo do‘konlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan serobligi har birimizni quvontiradi. Bu yaxshi. Ammo kutilmaganda u yoki bu mahsulotning narxi ko‘tarilib ketayotgani esa kishida tashvish uyg‘otadi. Buning sabablari nimada? Nega narxlar dam-badam ko‘tarilib, tushib turibdi?

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xuddi shu masala — oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari muhokama qilindi. Unda ta’kidlandiki, iqlim keskin o‘zgarayotgani, bir qator davlatlarda qurg‘oqchilik ro‘y bergani oqibatida dunyoda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelmoqda. Bunday sharoitda har bir viloyat va tumanlarda ichki imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ish olib borish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda aytildiki, bu yil 80 ming gektar maydon paxta va g‘alladan qisqartirilib, aholiga bo‘lib berildi. Bu ishlarni davom ettirish maqsadida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun yana 20 ming gektar yer ajratish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Kelgusi yilda yana qo‘shimcha 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida beriladi. Shu hisobidan qo‘shimcha 1 million 200 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari ba’zi viloyatlardagi ahvol bugungi kun talabiga javob bermasligini aytib, mamlakatimizda kartoshkaga bo‘lgan yillik ehtiyoj 3 million 400 ming tonnani tashkil qilishini, shundan 20-25 foizi import hisobidan qoplanyotganini bildirdi. Xususan, Qoraqalpog‘istonga yiliga qo‘shimcha 100 ming tonnaga yaqin, Navoiy viloyatiga 45 ming tonna, Jizzax viloyatiga 35 ming tonna kartoshka yetishmasligi rahbarlarni tashvishlantirishi lozimligini uqtirdi.

Shu o‘rinda alohida aytib o‘tish lozimki, ichki bozorda 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti importga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hokimliklar bilan birga ushbu mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar bo‘yicha urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu mablag‘larning yarmini naqd pulda ajratishga ham ruxsat beriladi. Buning uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Meva-sabzavotchilikni kreditlash bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinadi. Endi kartoshka, sabzavot, yog‘-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sug‘urtalash xarajatining 50 foizi davlat hisobidan qoplab berilishi aytildi. Shuningdek, tomorqachilikni rivojlantirish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Ko‘chma muzlatkichlar uchun yer maydonlarini ijaraga berish muddatlarini uzaytirish, aholiga o‘simliklarni himoya qilishda ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarda narxlar barqarorligini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqachilar imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan olib borayotgan siyosati mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va pirovardida yurtda to‘kinchilikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    59
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+