Yana bir Yevropa davlati bilan strategik hamkorlik

12.06.2023, 10:34

Yana bir Yevropa davlati bilan strategik hamkorlik

Ma’lumki, Italiya texnologiya, muhandislik va sanoat sohalarida jahonda yetakchi o‘rinni egallaydi va hamkorlik uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan minglab kilometr uzoqlikda joylashgandek tuyulishi mumkin. Shunga qaramay, keyingi yillarda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. 1992 yildan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam siyosiy va iqtisodiy hamkorlik o‘rnatildi. 1997 yilda O’zbekiston va Italiya o‘rtasida sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida sarmoyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. 1998 yilda savdoda eng ko‘p qulaylik rejimi o‘rnatildi.

2017 yildan boshlab mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. So‘nggi 5 yil ichida O’zbekiston va Italiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,2 barobar oshdi (2017 yilda 175,7 mln. dollardan 379,2 mln. dollargacha). Shu davrda O’zbekistonning Italiyaga eksportining umumiy hajmi sezilarli darajada 2,2 barobarga (22,6 mln. dollardan 49,6 mln. dollargacha), importning umumiy hajmi ham 2,1 barobarga (153,1 mln. dollardan 329,6 mln. dollargacha) oshdi. 2022 yilda O’zbekistonning Italiyaga asosiy eksport tovarlari trikotaj matolari (25,6 mln dollar), kiyim-kechak va kiyim-kechak aksessuarlari (6,6 mln dollar), rux (6,3 mln dollar), ip-kalava (6 mln dollar) va ishlov berilmagan teri xomashyosi (2,4 mln dollar) bo‘ldi. Italiyadan import qilinadigan asosiy tovarlar mashina va uskunalar (155,6 mln. dollar), elektr texnikasi mahsulotlari (49,5 mln. dollar), avtomobillar (10,4 mln. dollar), farmatsevtika mahsulotlari (11,4 mln. dollar), plastmassa (9,7 mln. dollar) va metall konstruksiyalar (9,1 mln. dollar) edi.

O’rnatilgan ishonchli munosabatlar ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik dinamikasining izchil o‘sishiga xizmat qilmoqda. Masalan, 2022 yilda O’zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Milan universiteti hamda “CREA” qishloq xo‘jaligi markazi o‘rtasida memorandum imzolangan edi. Ikki mamlakat olimlari uzumchilik, o‘simliklarni himoya qilish, bog‘dorchilik kabi yo‘nalishlarda ilmiy loyihalar ustida ishlamoqda. O’zbekiston qishloq xo‘jaligida Italiyaning “FinOpera” kompaniyasi za’faron plantatsiyalarini yaratish bilan shug‘ullansa, qurilish sohasida “Italmatec” kompaniyasi bilan hamkorlikda uy qurilishi panellari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, O’zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar amalga oshirilmagan katta imkoniyatlarga ega. Ular kelajakda o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha yangi yo‘nalishlarini qamrab oladi va ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi. Aynan shu bois O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasiga rasmiy tashrif bilan keldi.

Rim shahrida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O’zbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi. Bundan tashqari, ta’lim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi. Yil boshidan mamlakatimizga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra ko‘paydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni bilan ham muzokara o‘tkazdi. Italiya O’zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashgani qayd etildi.

Jorja Meloni Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda ularning muvaffaqiyatiga ishonishini bildirdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani ta’kidlandi. Bir kun avval o‘tgan biznes forum davomida jami 9 milliard yevrodan ziyod qiymatga ega investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Bosh vazir O’zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi hamda “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirdi.

Muzokaralar yakunida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar. Yetakchilar huzurida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 11 ta davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘ldi. Huquqiy masalalarda, sanoat mulki va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro savdo, sarmoyaviy, sanoat kooperatsiyasi, turizm almashinuvi, amaliy fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyatdan foydalanishga xizmat qiladi. Xususan, o‘zaro savdo sohasida Italiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, mis va mis mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

O’zbekistonning o‘sib borayotgan bozori Italiya kompaniyalari, jumladan, kooperativ munosabatlarni kengaytirish uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin. Bundan tashqari, mamalakatimiz Italiya kompaniyalari bilan farmatsevtika, kimyo sanoati, O’zbekiston orqali Markaziy Osiyo mintaqaviy bozorlariga ham chiqishi mumkin bo‘lgan ekologik toza energiya uchun uskunalar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor.

Bularning barchasi yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga xizmat qilishi kerak. Bundan tashqari, Italiya va O’zbekiston innovatsiyalar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda va O’zbekistonda yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Umuman olganda, O’zbekiston jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot, shuningdek, boy resurs bazasi va mamlakatimizning yosh, jadal o‘sib borayotgan aholisi mavjudligini hisobga olgan holda Italiya biznesiga o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlarni taklif qilishi mumkin.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    178
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+