O’zbekiston korrupsiyaga qarshi keng qamrovli kurash olib borish tarafdori

20.12.2023, 15:44

O’zbekiston korrupsiyaga qarshi keng qamrovli kurash olib borish tarafdori

Korrupsiyaga qarshi kurash zamonaviy dunyoda bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSh dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Ammo, korrupsiya natijasida jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ko‘lamini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir.

Shu bois O’zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar markazida inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, binobarin, korrupsiyaga qarshi izchil kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada mamlakatimizda ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashish tizimini joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini, shuningdek, mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini ta’minlash orqali davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurashdagi kuchli siyosiy irodasi, uning tizimlilik, izchillik va ochiqlik tamoyillariga muvofiq amalga oshirilayotgan strategiyasi bu boradagi muvaffaqiyatlarning asosiy omili ekanini alohida ta’kidlash lozim. Shuningdek, Oliy Majlisning har ikki palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari faoliyat ko‘rsatayotgani, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi. Unga davlat organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi faoliyatini ta’minlash vazifasi yuklandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim mexanizmi nafaqat korrupsiya oqibatlariga qarshi kurashish, balki korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga olib keladigan omillarni bartaraf etishdir. Bu, xususan, davlat organlari faoliyatining, shu jumladan moliyaviy faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma’lumot bergan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarini davlat tomonidan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va boshqalardan iborat.

Mazkur illatga qarshi kurashishda O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. O’zbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. G’arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmog‘ining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda.

Har yili Toshkentda an’anaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi o‘tkazib kelinmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori o‘rinni egallamoqda. 2030 yilga qadar O’zbekiston mazkur reytingdagi o‘rnini yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsadini ko‘zlagan. “Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda mamlakat 30-o‘ringa ko‘tarildi. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha O’zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashga bunday yondashuv O’zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligining xalqaro e’tirofida o‘z ifodasini topmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimidagi nutqida ta’kidlaganidek, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning ta’sis etilgani va uni topshirishga bag‘ishlangan marosimlar barcha qit’alarda o‘tkazib kelinayotgani yuksak e’tirofga sazovordir.

Ushbu nufuzli mukofot orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan jahondagi eng faol shaxslarning e’tirof etilishi bundan roppa-rosa 20 yil avval qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga izchil va to‘liq tatbiq etishga xizmat qiladi.

O’z taraqqiyot yutuqlarini va foydali sarmoyalarini dunyo xalqlari bilan baham ko‘rayotgan, korrupsiyaga qarshi kurashda g‘ayrat va shijoat ko‘rsatayotgan Qatar Amirining global darajadagi sa’y-harakatlari barchamizning ezgu intilishlarimiz bilan birlashib, albatta o‘zining ulkan ijobiy natijalarini beradi.

Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat e’tirofi O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni amalga oshirishda yangi turtki bo‘ladi. Bu korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqib, hayotga tatbiq etishni nazarda tutadi. Davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u beriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish orqali uning salohiyat va imkoniyatlari yanada oshiriladi. Eng ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi.

Maqolani Toshkentda o‘rnatilgan xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi, kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida ishlangan monument tavsifi bilan yakunlamoqchiman. Bu barchamiz anjumanda ishtirok etayotgan, adolat yo‘lidagi qat’iyatli va tolmas qahramonlarimiz qo‘llarini pok qalb va vijdon amrimiz bilan mahkam tutayotganimiz ramzidir. O’zbekiston bunday keng-ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotganlar bilan doim hamjihat.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    114
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+