Men o‘zbek ayolining nelarga qodirligini dunyo ko‘rishini istayman

22.09.2023, 16:33

Men o‘zbek ayolining nelarga qodirligini dunyo ko‘rishini istayman

Keyingi yillarda yurtimizda yangi davr boshlandi. Qay sohani olmang, xalq manfaatlari ustuvor qilib qo‘yilmoqda. Rahbar va mutasaddilarning xalq bilan muloqot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Kichik biznes egalarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, avvalo, mamlakat iqtisodini yuksaltirishga zamin yaratsa, yana bir jihati, aholi bandligini ta’minlash, bozorlarimiz to‘kinligida ham juda katta ahamiyat kasb etadi.

Men Xitoydagi “Shengli” kompaniyasi asoschisiman, 15 yilga yaqin Xitoyda yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullandim. Xitoy bozorida mahsulot va texnologiyalarni import, eksport qilish bo‘yicha 8 yillik tajribaga egaman. Lekin ko‘nglim tubidagi bir haqiqatni aytishim kerak: inson qayerda yashamasin, o‘zi tug‘ilib o‘sgan vataniga baribir talpinadi. Yutuqlarini ona xalqi bilan baham ko‘rishni istaydi. Bu maqsad bir dam bo‘lsa-da, meni tark etmagan. Ammo olis yurtda O’zbekistondagi o‘zgarishlarni ko‘rib-bilib ham faxrlandim, ham o‘z biznesimni ona yurtimda yo‘lga qo‘yishni, xalqimga halol xizmat qilishni qalbimga tugdim.

Korxonamiz 2019 yilda tashkil topgan bo‘lsa-da, pandemiya sabab to‘liq ishga tushishi 2021 yil dekabr oyiga to‘g‘ri keladi. Albatta, korxonamiz sharoiti mushkulroq sanoat sohasida bo‘lsa ham, lekin Namangandagi eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi.

Shu kungacha viloyatda kichkina sexlar bo‘lgan. Lekin professional darajada metallni qayta ishlab, uni tayyor mahsulot holiga keltirib, bozorga tarqatadigan, jahon talablariga mos keladigan zavod bo‘lmagan. Avval metall vodiyga Toshkentdan olib kelinardi. Endi esa yaqingina joy Chustdan olib ketilyapti. Bundan tashqari, biz bir yil davomida metallurgiya sohasiga qiziquvchi ko‘plab yoshlarni o‘qitdik. Ularning har biriga metallurgiyaning sir-asrorlari o‘rgatildi. Hozirga kelib faxr bilan aytamanki, ishchilarimiz pechkaga metallni solishdan tortib, eng murakkab amaliyotlarni ham pishiq va puxta bajarishmokda. Loyihamizning istiqboli juda katta, ya’ni maqsadimiz eksportga mo‘ljallangan va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash, mahalliy xomashyo va resurslardan foydalanib, sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir.

Loyihamizning umumiy qiymati 50 million dollarni tashkil etadi. O’tgan yili qariyb 100 ming tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqardik. Bu biz uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. Yildan-yilga ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalashtirilgan. Sifatli mahsulotning albatta bahosi bo‘ladi. Shunga monand ravishda “ISO 140001” hamda “ISO9001” xalqaro sertifikatlarini olishga muvaffaq bo‘ldik.

Ochig‘ini aytganda, kafolatlangan imtiyoz va keng imkoniyatlar berilgan, asosiysi, mehnatingiz qadrlanadigan O’zbekistonimday o‘lka bormi dunyoda? Albatta, yo‘q! Bu yil men uchun eng esda qolarli, baxtli yil bo‘ldi. Boisi, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rildim. Bu e’tirof menga juda katta motivatsiya berdi va oldimga yangi maqsadlarni qo‘ydim. Shuning uchun hozirgi kunda Yevropa sertifikatini olish uchun astoydil harakat qilyapman. Yevropa davlatlariga ham mahsulotlarimizni eksport qilish galdagi rejalarimizdan biri bo‘lib turibdi.

Tadbirkorning qalbida kuchli ishtiyoq, katta maqsad bo‘lishi shart. Shuning uchun ham men avvaliga tadbirkorlik ilmini chuqur o‘rgandim. Jahondagi yirik ishbilarmonlarning tajribasini kuzatdim. Xorijiy tillarni bilgan tadbirkor to‘rt pog‘ona ildamroq natijaga erishishi mumkin. Albatta, bu jarayonlar osonlikcha kechmagan. Hozirgi kunga kelib esa NSK6 eng yuqori darajadagi xitoy tili sertifikatiga egaman.

Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami arafasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovi g‘olibasi bo‘lishim meni yanada ruhlantirdi. Har bir yutuq esa o‘ziga xos mas’uliyat yuklaydi. Modomiki, o‘z ustimda yanada mukammalroq ishlab, qat’iy harakat qilishga intilaman.

Ayol bir qo‘li bilan beshikni, bir qo‘li bilan dunyo ni tebratadi, degan gap bor xalqimizda. Ayol uddaburon bo‘lsa, o‘z ustida ishlasa, vaqtini to‘g‘ri taqsimlay bilsa, hayotida, faoliyatida hech qachon yechimi yo‘q muammoga duch kelmaydi. Mening endigi maqsadim ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish. 400 ga yaqin ishchi-xodimlarimizning aksariyati yosh yigitlardan iborat. Ularning ko‘pi bugungacha Rossiya, Qozog‘istonga borib ishlab, pul topib, ro‘zg‘orini tebratgan. Zavodimiz ana shunday ko‘plab yoshlarning bandligini ta’minlay oldi. Ular bugun yaqinlari bag‘rida yashab, daromad topyapti.

Men o‘zbek ayolining nelarga qodirligini dunyo ko‘rishini istayman. Xorijda o‘qib olgan bilimlarimni, tadbirkorlik bo‘yicha to‘plagan tajribalarimni davlatimiz rivoji uchun sarflashga bel bog‘laganman.

Gulbahor TOJIMIRZAYEVA,

“NAMANGAN METALLURGIYA ZAVODI” loyihasi rahbari,

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi,

“Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi g‘olibi

  • Ko'rildi
    213
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+