O‘zbekiston tez orada baliq yetishtiruvchi mamlakatdan uni eksport qiluvchi mamlakatga aylanadi

11.04.2018, 11:31

O‘zbekiston tez orada baliq yetishtiruvchi mamlakatdan uni eksport qiluvchi mamlakatga aylanadi

yangi qarorda bu borada aniq vazifalar belgilandi

 Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi vaqtda dunyoda 800 milliondan ortiq kishi to‘yib ovqatlanish imkoniyatiga ega emas. Bu oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi aholi soni va ehtiyojlarining ortishidan orqada qolayotganini, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi hamda qayta ishlash sanoati rivoji uchun yetarli sharoit mavjud bo‘lmagan mamlakatlarda muammo tobora chuqurlashib borayotganini ko‘rsatadi.

Haqiqatan ham yer yuzida aholi sonining muttasil ortib borishi hamda bugungi global iqlim o‘zgarishlari sharoitida oziq-ovqat masalasi dunyo mamlakatlarining asosiy muammolaridan biriga aylangan. Shunday murakkab bir paytda mamlakatimizda ham aholining muhim kundalik iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish muhim masalalardan biriga aylangan. O‘tgan davr mobaynida aynan shu sohada ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilinib, ular asosida ish samarali yo‘lga qo‘yildi.

Xususan yaqinda qabul qilingan “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori aytish mumkinki, aholini sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lidagi eng muhim va hayotiy qarorlardan biri bo‘ldi.

Unda sohani rivojlantirishga qaratilgan barcha muhim vazifalar qamrab olingan. Ahamiyatli jihati shundaki, qarorning mohiyatida yirik dengiz va daryolardan olisda joylashgan yurtimizda baliqchilikni rivojlantirish uchun intensiv texnologiyalarni qo‘llash, mahsulot yetishtirishning muqobil manbalarini qidirib topish masalasiga ko‘proq e’tibor qaratilgan.

Qarorda aks etgan eng katta yangiliklardan biri “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zona tashkil etish bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kelgusida ushbu EIZ sohaga innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, sun’iy suv havzalari hosildorligini oshirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini ko‘paytirish kabi bir qator vazifalar amalga oshirish bilan jiddiy shug‘ullanadi.

Bu judayam to‘g‘ri tanlangan yo‘l. Negaki, mamlakatimiz yirik dengiz va daryolardan uzoqda ekan, mavjud ko‘l va suv havzalaridan qolaversa, baliqchilik sanoatining rivojida alohida o‘ringa ega bo‘lgan sun’iy havzalar tizimini rivojlantirish zarur. Bu o‘zini to‘la oqlaydi, albatta. Ma’lumotlarga qaraganda, bugun dunyo aholisi iste’moli uchun yetkazib berilayotgan baliq va dengiz mahsulotlarining asosiy qismi aynan sun’iy havzalarda yetishtirilayapti. Masalan, Vetnam davlatida 2016 yilda 6,6 million tonna baliq ovlangan bo‘lsa, shundan 3,8 million tonnasi turli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan intensiv usulda yetishtirilgan.

To‘g‘ri, Vetnam geografik joylashuviga ko‘ra, suv resurslariga juda boy mamlakat. Lekin shunga qaramasdan baliq yetishtirishda sun’iy havzalardan o‘rinli foydalaniladi. Boisi mamlakatda yetishtirilayotgan baliq mahsulotlariga xorijda talab katta. Har yili mamlakt baliq savdosidan ko‘p miqdorda daromad ko‘radi. Shu bois sun’iy havzalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratayapti.   

Mazkur usulda ya’ni basseynlar va ko‘llarda «qa­fas»larda baliq yetishtirishning afzalligi shundaki, bunda suvning sifati buzilmaydi va o‘ziga alohida suv sarflanishini talab etmaydi. Bunday samarali, texnologiyani rivojlantirish mahsulot hajmini tez oshirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, hovuz suvini yangilab turish imkoniyati bo‘lgan oilalar ham bundan foydalanishi mumkin.

Qarorning yana bir ahamiyatli jihati, eng avvalo aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, keyinchalik qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish uchun baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) bo‘yicha zamonaviy komplekslarni tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Elektoratining asosiy qismini tadbirkorlar va fermerlar tashkil etadigan O‘zLiDeP uchun ushbu masala ustuvor ahamiyatga egadir. Chunki, bu birinchi navbatda chetdan valyutaga import ko‘rinishida kirib kelayotgan baliq mahsulotlari o‘rnini o‘zimizda, mahalliy tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan, sifatli, arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish imkonini beradi. Qolaversa, eksport hajmini ham oshiradi.

Oldimizda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, xususan tadbirkor va fermerlarga atroflicha tushuntirish, baliq va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha chet el tajribasini o‘rganib, uni tadbirkorlar orasiga targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish vazifasi turibdi. Umuman olganda, O‘zbekistonning yaqin yillar ichida baliq yetishtiruvchi mamlakatdan uni eksport qiluvchi mamlakatga aylanishida bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida qayta-qayta ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamizda yetti xazinaning biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurak-qon tomir kasalliklarida, qonda xolesterin darajasi ko‘tarilganda, kamqonlik, behollik va jismoniy zo‘riqishda, nevroz, teri kasalliklari, podagra va revmatizmda, ko‘rish qobiliyati sustlashganda parhezbop go‘sht baliq koni foydadir. Bolalar baliqdan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilishi natijasida kariyes, soch to‘kilishi, bo‘qoq dardlaridan forig‘ bo‘ladi. Shu bois ham shifokorlar vitamin va minerallarga boy ushbu mahsulotni yil davomida ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya etadi. Demak, baliq mahsulotlarini ko‘p yetishtirish, qayta ishlash va aholi o‘rtasida iste’molini bir necha baravar ko‘paytirish millionlab kishilar salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Akbar MUZAFFAROV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

sektor mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2055
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Ҳамраев Нимат Содуллаевич. Самарқанд вилояти Нуробод туман Саройқурғон ўрмон хўжалиги қошидаги БПТ раиси, туман Кенгаши депутати2018-04-28 16:42:03

Нуробод туманида балиқчилик фермер хўжаликлари ташкил этиш, уларга микрокредитлар ажратиш, ушбу соҳага қизиқиши бўлган аҳолини кенг жалб этиш, соҳага ажратилаётган банк кредитлари юзасидан жорий йилнинг 30 апрел куни тижорат банклари, туман ҳокимлиги, туман прокуратураси билан ҳамкорликда депутатлик гуруҳининг сайёр йиғилиши ўзтказиш режалаштирилган.


Fikringizni qoldiring

+