O‘zLiDePning “Tadbirkor ayollarning muammolarini o‘rganish guruhi”da to‘ylardagi kiyim-kechak, mebel, tilla-taqinchoq, kelin va kuyov sarpolarni cheklash kabi takliflar bildirilmoqda

11.04.2018, 15:57

O‘zLiDePning “Tadbirkor ayollarning muammolarini o‘rganish guruhi”da to‘ylardagi kiyim-kechak, mebel, tilla-taqinchoq, kelin va kuyov sarpolarni cheklash kabi takliflar bildirilmoqda

– Vodiyda qiz uzatgan oila kuyovning uyiga 40 kun tog‘ora tashiydi, – deydi tadbikor Gulnoza Islomova. – Bu odat esa aksariyat vodiyliklarga “og‘irlik” qilardi. To‘y xarajatlaridan so‘ng ro‘zg‘ordan qisib kuyovning uyiga tog‘ora jo‘natish kimga ham yoqadi. Shu bois tog‘ora jo‘natish urf - odatlarini yo‘qotishni taklif qilaman.

– Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan ishlab chiqarilayotgan to‘y-marakalarni tartibga solish haqidagi qarorni qo‘llab quvvatlayman, – deydi partiya faoli Nilufar Nazarova. – To‘ylardagi sarpo olish, ikki tarafga jo‘natiladigan tog‘oralarni kamaytirish hamda bu ish nazoratini mahallalarga yuklash tarafdoriman.

Bu kabi takliflarni O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” “Tadbirkor ayollarning muammolarini o‘rganish guruhi”da juda ko‘p uchratishingiz mumkin. Barcha takliflar odamlarning ichidagi muammolar, ularni qiynab kelayotgan dabdabali urf-odatlar haqida.

Guruh a’zosi samarqandlik tadbirkor Sayyora Vahobova beshik to‘yi, nikoh to‘ylarida yillar davomida  u sandiqdan bu sandiqqa o‘tib keladigan, hech kim kiymaydigan keraksiz matolarni yo‘q qilish kerak, deb aytib o‘tdi.  Bu narsalar keraksiz urf odat bulib insonga foyda keltirmaydi aksincha faqatgina zararga ishlaydi, deydi u. O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar qanoti” faoli Nasiba Abdullayeva esa marakalar ham dabdaba borasida to‘ylardan qolishmayotgani, dasturxon kerakli-keraksiz mahsulotlar bilan bezatilayotgani va bu ortiqcha sarf xarajatlar keraksiz ekanini ta’kidlaydi. Boz ustiga, marakaga borgan har bir odam xuddi to‘ydagi kabi tog‘ora keltirishi kerakligi “o‘ylab topilgan”ni aytib o‘tadi.

– Uzoq muddat turmush qurgan oilalarga davlat tomonidan bir yilda 4 marta choraklik mukofoti joriy qilinsa, – deydi O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Muyassar Djamoldionva. – Bu oilalarni yanada mustahkamlashga rag‘bat bo‘ladi. Davlat tomonidan beriladigan mukofot ipoteka krediti, farzandlarini to‘lov kontrakti yoki avtokredit kabi to‘lovlarga yo‘naltirilsa, yaxshi bo‘lar edi.

Xorazmlik tadbirkor Saida Habibullayevaning aytishicha, kiyim-kechak, mebel, tilla-taqinchoq, kuyov sarpo, kelin sarpo – milliy urf-odatlarimizga yot, bugungi zamonning “to‘qliklarida” o‘ylab topilgan yangi an’ana hisoblanadi. Tadbirkor ana shu bema’ni urf-odatlarga sarflanadigan mablag‘ni yosh oilaning oilaviy “budjeti”ni shakllantirishga yo‘naltirish kerakligini tavsiya qiladi.

Toshkentlik O‘zLiDeP faoli Dilorom Sobirjonova shahrimizda katta urfga aylangan “kelin salom” tadbiriga haddan ziyod ko‘p xarajat ketishini ta’kidlaydi. To‘y egalari bu tadbirda nafaqat o‘zlarini, qarindosh urug‘larni ham moddiy qiyinchilikka qo‘yadi. Bunday urf-odatlardan voz kechish payti keldi, deydi u “Tadbirkor ayollarning muammolarini o‘rganish guruhi”ga yozgan mulohazalarida.

Darvoqe, Prezidentimiz virtual qabulxonaga kelib tushayotgan murojaat va arzlarda ham  to‘y-marakalar kim o‘zarga bo‘layotgani, haddan ziyod dabdabani ko‘rgan farzandlar ota-onalaridan ana shunday to‘y qilib berishlarini talab qilayotgani, ota-onalar, ayniqsa, ayollar “Boshqalardan nima kamimiz bor”, deb qarzga to‘y tomosha qilayotganlari to‘g‘risida bir necha marta shikoyat qilishgan. Bu murojaatlar orqali xalqimiz yurtboshimizdan to‘y-marakalarni tartibga solib berishlarini so‘radi. Shu yuzasidan Prezidentimiz Shavkat Mirzyoyev to‘y va marakalarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdaba hamda isrofgarchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Senat qarorini tayorlash taklifini bildirdi. Hozirgi kunda shu masala yuzasidan aholi tomonidan ko‘plab takliflar bildirilmoqda.

Sevara MUSLIMOVA,

         O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2319
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+