O‘zbekiston-Rossiya: azaliy do‘stlik va hamkorlikning yangi qirralari

23.10.2018, 15:45

O‘zbekiston-Rossiya: azaliy do‘stlik va hamkorlikning yangi qirralari

O‘tgan haftada O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi Prezidenlarining samimiy va do‘stona uchrashuvi nafaqat biz, balki dunyo jamoatchiligi e’tiborini O‘zbekistonga qaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu muloqot barcha sohalarda mutlaqo yangi sahifa ochganligi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Azaliy sherik davlatlarning o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga faol harakat qilishlari tahsinga sazovor va bu munosabatlar ikki davlatning har bir fuqarosida ijobiy kayfiyat uyg‘otib, ularning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin. Ayniqsa tadbirkorlarda bu jihat yaqqol sezildi.

O‘zimdan qiyos. Ayni paytda tuman Kengashi deputatligi bilan bir qatorda Yashnobod tumanida joylashgan “Agrokontinent” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi sifatida ham faoliyat olib boraman. Ushbu korxona sifatli urug‘ yetishtirish hamda ularni ichki va tashqi bozorga sotish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda Italiya, Niderlandiya kabi dunyoning rivojlangan davlatlari bilan hamkorlik qilib kelayapmiz.

O‘zbek-rus ishbalarmon doiralari vakillari ishtirokida o‘tgan nufuzli forumni diqqat bilan kuzatib bordim va shu jihatga amin bo‘ldimki, ikki mamlakat o‘rtasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar bisyor. Ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida hali ochimagan qirralar ko‘p. Ana shundan kelib chiqqan holda biz ham Rossiyaning bir qator korxonalari bilan urug‘chilik bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga bel bog‘ladik. Bu yo‘lda dastlabki kelishuvlarga ham erishdik.  Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ikki mamlakat rahbarlarining strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakati har bir sohada hamkorlikni hech qanday moneliksiz rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, Rossiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga doim talab yuqori bo‘lgan. O‘zbekiston esa bu sohada ulkan salohiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda, aynan urug‘chilik sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Birinchidan, Rossiya biz uchun juda katta bozor, ikkinchidan, sifatli urug‘ bo‘lmasa, sara, sarxil meva-sabzavotlarni yetishtirish amrimahol. Yaqinda davlatimiz rahbarining “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinganligi mazkur kelishuvning samarali amalga oshirilishida muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi, albatta.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizni yaqin besh yilda taraqqiy ettirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash muhim vazifalar qatorida belgilangan. Ushbu maqsad shunchaki balandparvoz shior bo‘lib qolmasdan, balki amalda o‘z ifodasini topayotgani barchani birdek quvontiradi. Zero, yangi tashqi siyosatimiz shunchaki siyosat uchun emas, balki xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratish, yurtimizni taraqqiy toptirish, odamlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdek aniq maqsadlarga qaratilgan.

 Hasanxon ALIYEV,

Xalq deputatlari  Yashnobod tumani

Kengashi  deputati,  

“Agrokontinent” MChJ direktori

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1202
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+