O‘zLiDeP tadbirida Guliston shahrida oilaviy ajrimlar soni ko‘paygani ta’kidlandi

06.12.2018, 16:07

O‘zLiDeP tadbirida Guliston shahrida oilaviy ajrimlar soni ko‘paygani ta’kidlandi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Guliston shahar kompyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida “Vatan taraqqiyotiga har birimiz mas’ulmiz” shiori ostida “Sog‘lom va mustahkam oila – jamiyat boyligi va kelajak poydevori” mavzuida ochiq muloqot o‘tkazdi.  

Tadbirda so‘z olgan Guliston shahar hokimi o‘rinbosari N.Tojiboyeva qizlarni barvaqt turmushga berish va erta farzand ko‘rish, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishning zarurligi haqida tushunchalar berdi.

Guliston shahar Nikoh uyi mudirasi Lola Murotovaning aytishicha, 2017 yilning 9 oyida viloyat bo‘yicha 4559 nikoh qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning 9 oyi davomida esa 5054 ta nikoh qayd etilgan. Bu quvonarli holat. Biroq 2017 yilning 9 oyi viloyat bo‘yicha oilaviy ajrimlar soni 784, 2018 yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 794 tani tashkil etmoqda.

– Mutaxassislar tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo‘lishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan, – deydi O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri S.Babayeva. – Ko‘p hollarda bunday yoshdagi qizlar sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirishda turli muammolarga duch kelishadi. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor bo‘lmasdan oila qurishi ko‘pincha tug‘ruq jarayonida o‘lim xavfi ortishiga sabab bo‘ladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda bo‘lajak farzand uchun ham xavfli. Shu bois, erta turmushga chiqish va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini olish olish borasida joylarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilyapti.  

Tadbirda mutaxassislar tomonidan o‘quvchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Husan JABBOROV,

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    1337
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+