Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti shu soha olimlari va tadqiqotchilari bilan uzviy hamkorlikni taqazo etadi

12.12.2017, 18:02

Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti shu soha olimlari va tadqiqotchilari bilan uzviy hamkorlikni taqazo etadi

2017 yilning 12 dekabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi sohasida samarali xizmat qilib, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan fermer, bog‘bon, suvchi va dehqonlarimiz ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bayon etilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari tomonidan agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari har tomonlama chuqur va asosli ekanini ta’kidlashdi. Mamlakat rahbari tomonidan kuyunib gapirilayotgan ushbu islohotlar zamirida yurtimizda fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, xorijga faqat tayyor mahsulotlar eksport qilishni yo‘lga qo‘yish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan talabini qondirish, xalqimizning turmush darajasini oshirish, bozorlarimizda narx-navo barqarorligini saqlash kabi muhim masalalar yotgani ta’kidlandi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha shu sohaga daxldor bo‘lgan tashkilot va muassasalar qatori partiyamiz ham o‘z dasturida belgilab olganidek, davlatning agrar sohadagi munosabatlarni takomillashtirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining rivojlantirilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bu islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Zero,  O‘zLiDeP qishloq xo‘jaligidagi muammolarni hal etmasdan turib, iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli davom ettirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Tadbirda Prezidentimiz ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oyalar bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani, fermerlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani yana bir karra e’tirof etildi. Faqatgina oxirgi ikki yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari 45 foizga ko‘payib, ularning soni 75 mingtaga yetgani fikrimizga yaqqol dalildir.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, yer-suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali dehqonlarning daromadini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, bu yil birinchi marta g‘alladan bo‘shagan qariyb 1 million gektar maydonda sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar ekildi va 5,5 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi. 96 ming gektar hosildorligi past maydonlarda paxta va g‘alla o‘rniga 32 ming gektar yerda karam, turli sabzavot va ko‘katlar ekildi va bu maydonlardan olingan minglab tonna mahsulotlar xorijga eksport qilindi. 11 ming gektarda intensiv bog‘ va yangi tokzorlar, 1 ming 500 gektarda issiqxonalar barpo etildi. Bu borada Ispaniya, Polsha, Niderlandiya, Gretsiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Vetnam va Indoneziya davlatlarining ilg‘or tajribalaridan keng foydalanildi. Joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi va bu yurtimizga 856 million dollar valyuta keltirdi. Holbuki, ilgari ming-ming tonna turli shirin-shakar mevalarimiz dalada qolib, chirib ketar, isrof bo‘lardi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Jumladan, 2017 yilning o‘zida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qaror qabul qilindi, 2 ta yangi qo‘mita va 3 ta uyushma tuzildi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida har yili davlat budjetidan 2 trillion so‘mdan ortiq, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun esa 400 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilmoqda.

Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotganini jiddiy muammolardan biri sifatida tilga olib o‘tdilar. Shundan kelib chiqqan holda davlatimiz rahbari har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirish borasida bir qator vazifalarni belgilab berdilar. Ularni ijrosi ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari Yurtboshimiz belgilab bergan vazifalari ijrosi va qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilash, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilarining ish haqi miqdorini oshirish bo‘yicha aniq va hayotiy takliflari O’zLiDeP saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanini ta’kidlashdi. Zotan, partiyamiz ham qishloq xo‘jaligini shu soha tadqiqotchilari va olimlari bilan hamkorlikda, bamaslahat, ularning taklif-tavsiyalarini inobatga olgan holda rivojlantirishni o‘zining ustuvor vazifasi, deb biladi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani partiyamizning mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlaridan biridir.   

Tadbir so‘nggida qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qilib, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan fermer, bog‘bon, suvchi va dehqonlarimiz Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni”ni nishonlash haqidagi fikrlari soha xodimlarining g‘ayratiga-g‘ayrat, kuchiga-kuch qo‘shishini ta’kidlashdi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2861
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+