To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilmoqda

13.05.2019, 17:39

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilmoqda

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.

Unda Investitsiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiyot va sanoat, Moliya vazirliklari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda vazirlar va tarmoqlar rahbarlari hududlarga yuborilib, joylarda yangi korxonalar va doimiy ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlaydigan investitsiya loyihalari ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan ko‘plab imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, mamlakatimizga bir necha o‘n milliardlab dollar investitsiya jalb etish bo‘yicha 700 ga yaqin investitsiya bitimlari imzolandi.

Bunday chora-tadbirlar natijasi o‘sish sur’atlarida ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, o‘tgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 18 foizdan ziyod o‘sgan. Bu, o‘z navbatida, sanoat ishlab chiqarishining 14,4 foizga ko‘payishini ta’minlagan.

Muhim sifat o‘zgarishi shundaki, ilgari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli bo‘lmagan bo‘lsa, joriy yilda o‘zlashtiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, jami 3 ming 200 dan ziyod investitsiya loyihasi doirasida qariyb 14 milliard dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 4 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.

Mazkur Qaror bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini faollashtirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash bo‘yicha mas’ul vazirlik va tashkilotlar, hudud rahbarlari, hokimliklar oldida qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Xususan, kimyo va neft-gaz sanoati, mashinasozlik sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, bank-sug‘urta tashkilotlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun tayyor investitsiya takliflarini ishlab chiqish, investitsiya va biznes forumlar, taqdimotlar (“Road Show”) va marketing kampaniyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Davra suhbatida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda O‘zLiDeP ham chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda tizimli ishlar olib borayotganligi aytib o‘tildi. Xususan, davlat dasturidagi barcha yo‘nalishlar qatori hududlarda jalb etilayotgan xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirilishida partiya fraksiyasi va joylardagi deputatlik guruhlari tomonidan deputatlik nazorati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, partiya deputatlik guruhi a’olarining har biriga 2 tadan investitsion loyihalar biriktirildi.

Bundan tashqari sohaga aloqador barcha vazirlik va uning hududiy boshqarmalarining bu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan axborotlari tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib borilmoqda.

Tadbirda joriy yil kuz faslida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro investitsiya forumida barcha birdek faol ishtirok etishi, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni to‘liq amalga oshirishga erishish, mazkur investitsiya loyihalari tarmoqlar va hududlar kesimida tahlil qilinib har biri bo‘yicha monitoring olib borish va bu borada tegishli vazirliklar, tashkilotlar, hokimliklar bilan hamkorlikda ishlash lozimligi borasida qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    261
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+