O‘zLiDeP tashkil etgan mehnat yarmarkalarida 455 fuqaro ishli bo‘ldi

22.05.2019, 17:13

O‘zLiDeP tashkil etgan mehnat yarmarkalarida 455  fuqaro ishli bo‘ldi

 Bu haqda xalq deputatlari Taxiatosh tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan tuman hokimining investitsiya bo‘limi boshlig‘i J.Qayipnazarovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, joriy yilda tumanda umumiy qiymati 452 mlrd. 630 mln. so‘mlik 44 ta loyiha amalga oshirish hamda 900 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Hozirga kelib 22 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 233 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.  

“Jumladan, sanoat sohasida 14, qishloq xo‘jaligi sohasida 2 va xizmat ko‘rsatish sohasida 6 ta loyiha amalga oshirildi. Shuningdek, joriy yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini o‘zlashtirish orqali 5 mln. 197 ming AQSh dollarlik 6 ta loyihani hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan”, – deydi  J.Qayipnazarov.

Yig‘ilishda kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi raisi o‘rinbosari U.Ayimbetovning ham axboroti eshitildi.

U.Ayimbetovning ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida tumanda 242 yangi ish o‘rinlari yaratish belgilangan bo‘lib, hozirga qadar 130 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Shuningdek, shu vaqt mobaynida tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida 455 nafar ishsiz fuqaro ish haqi to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilingan.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan O‘zLiDeP deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    760
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+