Tadbirkorlarning huquqiy manfaatlari himoya qilinadi

30.05.2019, 14:55

Tadbirkorlarning huquqiy  manfaatlari himoya qilinadi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash bo‘limi Prezidentimizning “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘rsida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.  

Tadbirda viloyat adliya, investitsiyalar va tashqi savdo, iqtisodiyot va sanoat boshqarmalari, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmalari, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi vakillari,  tadbirkor hamda tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar qatnashdi.

–Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri qilib belgilangan, – deydi O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Faxriddin Abdusattorov. –Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Tegishli idoralar tomonidan tadbirkorlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi anchagina soddalashtirildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirildi. Natijada yurtimizda yildan yilga tadbirkorlar soni ortib borayapti.

Yig‘ilishda 2019 yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra loyihalarni amalga oshirish uchun 16,4 trillion so‘m hajmda kreditlar ajratilgani qayd etildi. Iqtisodiyotda investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmlari 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,3 baravarga o‘sganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat idoralari rahbarlari tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashishi, xalq deputatlari Kengashlarida ularning bu boradagi faoliyatlari muhokama qilinishi zarurligi aytib o‘tildi.

Tadbirda Xovos tumanida faoliyat yuritayotgan  “ROBBIT  RAISING” MChJ ish yurituvchisi O.Ergashevning yer masalasidagi, viloyat “Eksklyuziv Marketing art” MChJ rahbari H.Jo‘raboyevning  kredit bo‘yicha muammosini o‘rganish va hal etish mutasaddi idora vakillari zimmasiga yuklatildi.

Tadbir so‘ngida farmonning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ayniqsa, qabulxonalar faoliyatini OAVda keng yoritib borish lozimligi ta’kidlandi.

                            Dilorom ESONOVA,

                            O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

                             mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    1175
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+