Istiqbolli loyihalar ijrosi amalda

27.08.2019, 11:54

Istiqbolli loyihalar ijrosi amalda

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” hamda Sayxunobod tuman Kengashi  xodimlari bilan hamkorlikda “Tadbirkor ayol” loyihasi doirasida “Tadbirkorlik – farovon hayotning muhim asosi” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Dilro‘z – Dilso‘z-hamkor” hamda uning tasarrufidagi “Jiydanurteks” MChJda tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, sayxunobodlik tadbirkorlar, “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi hamda yoshlar vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar tadbirkor Dilfuza Artikovaning faoliyati bilan tanishdilar.

Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha yaratilgan yangi tizim, ya’ni bo‘sh turgan binolarni investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatida sotish amaliyoti Sirdaryo viloyatining chekka hududlarida ham o‘z samarasini berayotir.  Mazkur tizim xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish bilan bir qatorda ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hisobiga eksportbop mahsulotlar tayyorlash va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beryapti.

  Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Dilfuza Artikova ham berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va o‘z o‘rnida foydalana bildi. O‘zi yashayotgan “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi bir paytlar sanatoriy-profilaktoriy bo‘lgan, keyingi o‘n yillardan ziyod vaqtdan buyon tashlandiq holatga kelib qolgan binoni “nol” qiymatida 780 million so‘m miqdorida  va 54 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan unga berilishi tadbirkor uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

O‘tgan davrdagi tajribasi uning tadbirkorligini kengaytirishga yo‘l ochdi. Intilish, izlanish yangilikka yetaklayveradi. Qisqa vaqt ichida binoda ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.  Tadbirkor tomonidan dastlab tikuv sexi tashkil qilindi. Uning bichish, tikish, dazmollash, tayyor mahsulotlarni bozorga chiqarish ishlari bilan 15 nafardan ziyod xotin- qizlar shug‘ullanishmoqda. Ikki nafar uy bekasi esa kasanachilik asosida faoliyat yuritmoqda. Chevarlar tikkan mahsulotlarning mahalliy bozorlarda chaqqon sotilayotganligi ham ishning to‘g‘ri tashkil qilinganligidan dalolat beradi.

“Asakabank” Sirdaryo viloyat filiadan 3 milliard 700 min so‘m miqdorida kredit olgan Dilfuza Artikova “Jajji bolajon” nomli xususiy bog‘chasiga ham asos soldi.

- Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim muasasasi mudirasi bo‘lib faoliyat yuritayotgan bo‘lsamda, uyda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanganmiz,- deydi Dilfuza Artikova. - Bo‘sh vaqtlarimizda buyurtma asosida choyshablar, davlat idoralari uchun maxsus kiyim-bosh tikish bilan shug‘ullanardik.

Bugungi kunga qadar hududda zamonaviy sharoitlarga ega, chet tilini puxta o‘rgatadigan xususiy bog‘cha yo‘q edi.  Olingan kredit evaziga tadbirkor tashabbusi bilan qurib bitkazilgan 150 o‘rinli tarbiya maskanida bolalarning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kichkintoylarga rus, ingliz  tili puxta o‘rgatilayotgan bog‘chada 28 nafarga yaqin pedagog va tarbiyachi mehnat qilmoqda.

Tadbirkor Dilfuza Artikova izlanishda davom etmoqda. U binoning ikkinchi korpusini ham ta’mirlash va pardozlash ishlarini yakunlash arafasida. Dilfuza bu yerda chet ellik hamkorlar bilan suyak va bo‘g‘im xastaligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash maqsadida sog‘lomlashtirish markazini tashkil qilish harakatida yuribdi.

- Yaqinda Hindistonda bo‘lib qaytdim,- deydi Dilfuza Artikova. - Klinikani tashkil qilish va foliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 100 ming dollarlik investitsiya shartnomasini imzoladik. Yaqin kunlarda mutaxassislar tashrifini kutayapmiz.

Atrofini qalin mevali va manzarali daraxtlar o‘rab turgan, soya-salqin  go‘shada binolarni ta’mirlash, pardozlashning ishlari nihoyasiga yetayapti. Tadbirkor ayol bolalar bog‘chasini va kelgusida shifo maskanini meva-cheva va poliz mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 5,5 gektar yerni o‘zlashtirib u yerda bog‘ tashkil qildi. 4000 tupdan ziyod mevali daraxtlar ekildi.

Tadbirkor faoliyati bilan atroflicha tanishilgach ishtirokchilar “Jajji bolajon” maktabgacha ta’lim muassasasida jamuljam bo‘lishdi. Bu yerda tadbirkorlikka oid savol-javoblar, bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Tadbir so‘ngida 20 nafar yoshlar partiya safiga qabul qilindi.

Dilorom ESONOVA,

O‘zLiDeP Sirdaryo

viloyat Kengashi

 Matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    170
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+