Muammolarning ijobiy yechimi – markaz nigohida

19.12.2017, 16:46

Muammolarning ijobiy yechimi – markaz nigohida

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi, tuman va shahar kengashlari qoshida “Ayollar qanoti” faoliyatini davr talablari darajasida tashkil etish maqsadida “Tadbirkor ayollarning muammolarini o‘rganish markazi” ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Mazkur markaz zamon ruhini teran anglaydigan, tajribali, ishbilarmon, siyosiy yetuk tadbirkor va fermer xotin-qizlarni birlashtirish, ularning siyosiy, huquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirish, faoliyatidagi muammolarni o‘rganish va ijobiy hal etishga yaqindan yordam berib kelayapti.

O‘zLiDeP Qamashi tuman kengashida tashkil etilgan “Tadbirkor ayollarning muammolarini o‘rganish markazi”ning navbatdagi yig‘ilishida yosh tadbirkor qiz Sevara Do‘sayevaning murojaati ko‘rib chiqildi. U oilaviy korxona tashkil etib, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish turlari ochganligini, ammo xonadonida yetarli sharoit yo‘qligi bois Ibn Sino mahallasi hududidan tikuvchilik sexi uchun joy ajratilishiga amaliy yordam berishlarini so‘ragan edi. Markaz a’zolarining ko‘magi bilan unga yig‘in binosiga qarashli binodan bitta xona ajratib berildi. Varganza qishlog‘ida yashovchi Hanifa Niyozova va Fotima Jo‘rayevalarning murojaatlari o‘rganilib, ularga Shahrisabzdagi Oqsaroy memorial kompleksi yonidan hunarmandchilik mahsulotlarini sotish uchun joy bilan ta’minlandi. Feruza Abdullayevaga 40 mln,  Umriniso Xalilovaga esa 30 mln. so‘m moliyaviy ko‘mak olishga amaliy yordam berildi. Chiroqchi tuman G‘alla qishlog‘ida yashovchi Sanam Xurramova tikuvchilik sexini kengaytirish uchun tanlov asosida ajratilgan yer uchastkasini boshqa bir fuqaro noqonuniy egallab olib, imorat qurayotganligi haqidagi murojaati o‘rganilib, sudga ariza kiritildi. Avg‘onbog‘ qishlog‘ida yashovchi yosh tadbirkor qiz Mahliyo Yo‘ldosheva ham bankdan kredit ololmayotganligi uchun, yordam so‘rab markazga murojaat etgandi. Uning murojaati ham ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

-Viloyatimizning barcha tuman va shahar kengashlarida ana shunday markazlar tashkil etilib, samarali faoliyatni boshlab yubordilar, - deydi partiya viloyat kengashi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi mudiri Gulbahor To‘rayeva. – Markaz a’zolari mahalla va qishloqlarda bo‘lib, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni jamiyat hayotining faol a’zolariga aylantirish borasida g‘oyaviy-siyosiy ishlarga munosib hissa qo‘shib kelishayapti. Hozirga qadar o‘ttizga yaqin taniqli tadbirkor ayollarning ish tajribasi ommalashtirilib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan 20 dan ortiq yosh qizlarga faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berildi. Bugunning ayoli har jabhada faollik ko‘rsatayotir. Ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishda kamarbastalik bilan ish olib borayapmiz.

                         O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

 matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1490
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+