Samarqandda “Deputat va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

17.09.2019, 17:49

Samarqandda “Deputat va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganiga uch yil to‘lishi munosabati bilan “Deputat va yoshlar” loyihasi doirasida ochiq muloqot o‘tkazdi.

Muloqot davomida xalq vakillari B.Xo‘jayorov va Sh.Jo‘raqulovlar mazkur qonunning ahamiyati, yoshlar bilan bog‘liq masalalar, ular orasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning sababi, ularni keltirib chiqaruvchi omillar, turli zararli illatlarning salbiy oqibatlari haqida to‘xtalib o‘tdilar.

B.Xo‘jayorovning aytishicha, Prezidentimiz tomonidan 2016 yil 14 sentyabrda imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun bugun yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

“Mazkur qonunning qabul qilinishi davlatimizning yoshlarga yuksak e’tibori namunasi deb bilaman, – deydi xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zosi Sh.Jo‘raqulov. – Nega deganda, ushbu  me’yoriy hujjatda yoshlarning huquq va manfaatlari to‘liq, ishonchli asosda mustahkamlanganligi har bir yoshni ruhlantiradi”.

Uchrashuv so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga duputatlardan atroflicha javoblar olishdi hamda o‘zlarining talab va takliflarini bildirishdi.

 Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1238
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+