Kasbi tumanidagi sayyor qabulda aholining 25 ta murojaati qabul qilinib, 10 tasi shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi

24.12.2017, 13:41

Kasbi tumanidagi sayyor qabulda aholining 25 ta murojaati qabul qilinib, 10 tasi  shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish, inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida tashkil etilayotgan sayyor qabullarda odamlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash va  bartaraf etishga yaqindan yordam bermoqda.  

Xalq dardini eshitish, murojaatlarini vaqtida hal etish barcha darajadagi rahbarlar oldida turgan eng muhim vazifa sifatida qo‘yilayotgani odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. Bu O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi va bir qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Kasbi tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda yana bir bor e’tirof etildi.

Ravot qishlog‘i oqsoqoli Tojiddin Sobirov Yuksalish MFY hududidagi 2 ta maktabda 600 nafarga yaqin o‘quvchilar o‘qiyotganligi, bilim maskanlari isitilmasligi, elektr toki ta’minoti yomonligi bois o‘quvchilar qorong‘u va sovuq xonalarda tahsil olayotganliklari, Ravot va Bog‘ qishloqlarida 400 dan ortiq oila istiqomat qilishi, yig‘in idorasi nihoyatda uzoqligi bois yangi mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etish borasida taklif kiritdi.

Uchrashuv ishtirokchilari ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni zamonaviylashtirish borasida, “Tez tibbiy yordam” va potronaj hamshiralar xizmatini bugungi kun talablari darajasida emasligi haqida bildirishdi.  Uchrashuvda ishtirok etgan tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Erkin Bozorov tumanda aloqa tizimi yomonligi, tuman Telekom idorasining aybi bilan “Tez yordam” bo‘limi bilan bog‘lanish qiyinchilik tug‘dirayotganligi bildirib, mavjud kamchiliklarni tez kunda bartaraf etishga so‘z berdi.

Agrouchastka deb nomlangan hududda 80 ta oila istiqomat qiladi. Mahalla faoli Zokir To‘rayev bu oilalarning barchasi o‘zicha elektr tarmog‘i tortib olganliklari, simyog‘ochlar terak materialidan bo‘lgani uchun chirib yaroqsiz bo‘lib qolganligi, bu odamlar hayotiga xavf solayotganligi, hududga elektr olib borish uchun yangi transformator va zamonaviy simyog‘ochlar o‘rnatish zarurligi haqida aytdi. Deputat Narsullo Xudoyberdiyev tuman elektr tarmoqlari idorasiga  so‘rovnoma bilan chiqib, bu masala ijobiy hal etilishiga va’da berdi.

Sayyor uchrashuvda yo‘llarni ta’mirlash, xotin-qizlarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga amaliy yordam berish, ular respublikamizning tarixiy joylariga sayohatlar uyushtirishlariga homiylik qilish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, to‘y-marakalarni ixchamlashtirish, bolalar bog‘chasi qurish borasida ishlarni yanada jadallashtirish borasida takliflar bildirildi.

Sayyor qabulda aholining 25 ta murojaati qabul qilinib, 10 tasiga  shu yerning o‘zida ijobiy yechim topildi.  Qolgan muammoli masalalarni o‘rganish va ijobiy hal etish yuzasidan xalq deputatlari tuman kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari va kengash faollari zimmasiga yuklatildi.  

 

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook hamda Instagram'dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1445
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+