“Saylanguncha faol, saylangandan so‘ng deputatlarni topib bo‘lmaydi...”

13.02.2020, 17:13

“Saylanguncha faol, saylangandan so‘ng deputatlarni topib bo‘lmaydi...”

Istaymizmi, istamaymizmi, odamlar ongida hali ham shunday fikrlar mavjud. Haliyam odamlar orasida deputatlar u qilib beradi, bu qilib beradi, deb o‘ylaydiganlari bor. Aslida-chi?..

Bugun Qarshi shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar uchun o‘tkazilgan siyosiy o‘quv-seminarda aynan shu masalalarga oid fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘quv-seminarni O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi Shuhrat Tursunov ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan asosiy xulosalar hamda ustuvor vazifalar haqida fikr yuritdi, partiyaning deputatlarga ishonchi, deputatlik maqomi, odamlar ko‘tarib chiqayotgan muammolar yechimiga mas’ul tashkilot hamda deputatlar vazifalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shu o‘rinda o‘quv-seminar qizg‘in-savol javoblar asosida o‘tganini, unda deputatlik maqomi, deputat so‘rovi, deputatlik guruhlari va bugungi deputat ilgarigilaridan farqli o‘laroq ishchan va saylovchilari oldida mas’uliyatni chuqur his qiladigan siyosiy faol bo‘lishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Deputatlarning fikr-mulohazalari eshitildi va muhokama qilindi. Eng muhimi, bugungi deputat “Deputatlik maqomi to‘g‘risida”gi qonun asosida faoliyat olib borishi, saylovchilar bilan tez-tez uchrashib, muammolarni o‘rganib, tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari bilan chiqishi lozimligi aytib o‘tildi.

-O‘quv-seminar biz kabi ilk bor deputatlikka saylangan yoshlar uchun juda foydali bo‘ldi, - deydi xalq deputatlari Qarshi tuman kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Dilfuza Jo‘rayeva. – Seminarda siyosiy bilimlarimizni oshirdik, deputat zimmasidagi eng muhim vazifalar haqida tushunchalarga ega bo‘ldik. Mening nazarimda bu kabi seminarlar tez-tez o‘tkazib turilsa, deputatlarning ham siyosiy bilimi yuksaladi, ham ularda mas’uliyat hissi oshadi.

Ma’lumki, bu yilgi saylovlar “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tdi va  xalqimiz O‘zLiDePga ishonchi yuksakligini amalda namoyon etdi. Partiyaning parlamentda eng ko‘p ovoz olgani esa deputatlar uchun katta mas’uliyat va sharaf ekanini bildirishdi.

Siyosiy partiyalar orasida viloyatda birinchi bor o‘tkazilgan bu siyosiy o‘quv-seminar deputatlar faoliyatini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    212
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+