Shunday og‘ir damda o‘z halovatidan kechib, xalq xizmatida bo‘layotgan shifokorlardan behad minnatdormiz

12.08.2020, 15:08

Shunday og‘ir damda o‘z halovatidan kechib, xalq xizmatida bo‘layotgan shifokorlardan behad minnatdormiz

Pandemiya sharoiti ko‘plab mamlakatlar qatori bizning yurtimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ammo, azaldan sabr, matonat va sadoqat timsoli bo‘lib kelgan jonajon xalqimiz bu balolarni daf qilishda, mashaqqatlarni yengib o‘tishda bir tanu bir jon bo‘lib, kurashga bel bog‘lashdi. To‘g‘rida, bunday og‘ir damlarda  elimiz yanada jipslashishi, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, ko‘mak berishi, mehr-oqibatli bo‘lishi lozim.

Ayniqsa, bu borada koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda mamlakatimiz shifokorlari old qatorda turishibdi. Kun-u tun tinim bilmay o‘z sharafli kasblarini jonkuyarlik bilan ado etishayotgan shifokorlarning mashaqqati albatta, tahsinga sazovordir. Darhaqiqat, ayni damda “Ko‘rinmas urush” deya e’tirof etilayotgan – Covid 19 pandemiyasiga qarshi tik boqib kurashayotgan mazkur kasb egalarining fidokorona mehnati, profilaktika choralari sabab O’zbekistonda kasallikdan sog‘ayayotgan bemorlar soni tobora ortib bormoqda. Har kuni yurtimizning ko‘plab hududlaridan tuzalib chiqayotganlar haqidagi xushxabarlar insonni quvontiradi, hayotga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi. Bexosdan yana “Shifokorlarimizga rahmat” deb yuborasiz. Albatta, ushbu virusli infeksiyani jilovlash va oldini olish bo‘yicha har bir tibbiyot xodimiga alohida e’tibor berish, koronavirus bilan zararlan bemorlar bilan muloqotga kirishgan holda karantinga olish, ularga munosib sharoitlar yaratib berish lozim.  Yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor, ishonch, himoya va g‘amxo‘rliklar ularning yanada fidoyilik, jonkuyarlik bilan sidqidildan ishlashga turtki bo‘lmoqda.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida yana tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Har bir hududda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi ishini jonlantirish va olimlar hamda tajribali shifokorlar bilan maslahatlashgan holda, vaksina xarid qilish va aholini vaksina bilan ta’minlash yo‘llari puxta o‘rganib chiqish topshirig‘i berildi. Tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish kerakligi aytib o‘tildi. Shu ma’noda, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga, tibbiy profilaktika, patronaj yordamini yanada yaxshilash, tez va shoshilinch tibbiy yordam sifatini oshirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash borasida bir muncha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Albatta, bugun butun dunyo ahlini tashvishga solayotgan tojdor dushmanga qarshi barcha bir kuch bo‘lib kurashishi zarur. Davlatimiz rahbari aytganidek, xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilsa, bu kasallikni albatta yengamiz.

Shunday og‘ir damda o‘z halovatidan kechib, xalq xizmatida bo‘layotgan shifokorlardan behad minnatdormiz. Bu kunlar ham ortda qoladi. Asosiysi, kelajakka umid bilan yashaylik. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk ne’mat. Faqat sog‘lom inson va xalq mislsiz ishlarga qodir bo‘ladi.

Sardor RAXMONOV, 

Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati

  • Ko'rildi
    541
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+