O‘zLiDeP deputatlik guruhi Samarqand viloyat Investitsiya boshqarmasining hisobotini eshitdi

24.01.2018, 15:29

O‘zLiDeP deputatlik guruhi Samarqand viloyat Investitsiya  boshqarmasining hisobotini eshitdi

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat Investitsiya  boshqarmasining 2017 yil davomida amalga oshirgan ishlari va 2018 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Dastlab deputatalar Samarqand viloyat Investitsiya  boshqarmasi Regional xorijiy investetsiyalarni shakllantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Nodir Burxonovning axborotini eshitishdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish va sarmoyaviy faoliyatni kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, viloyatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlari samaradorligini oshirish, investitsiya salohiyatini rivojlantirish, investorlar bilan ishlash, loyihalarni tayyorlash, ularni amalga oshirish, monitoring qilish yo‘nalishlarida yangi, noan’anaviy va innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi kunda Samarqand viloyatida 291 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatga olingan bo‘lib, shulardan 56 tasi 2017 yilda yangi tashkil etilgan. O‘tgan 2017 yilda viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hududiy dasturi doirasida xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokidagi 33 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilgan.

Masalan, Samarqand shahrida “SAMARKAND APPAREL” hamda “YANG VONG”( Janubiy  Koreya) qo‘shma korxonasi negizida to‘qimachilik maxsulotlarini ishlab chiqarish, Bulung‘ur tumanida “SAMARKAND GARDEN PLAST” hamda  “DENIX ALLIANCE LTD” (Buyuk Britaniya)  qo‘shma korxonasi negizida  intensiv bog‘ barpo etish va qishloq xo‘jaligi maxsulottarini saqlash, Paxtachi tumanida “GRANIT”  hamda "PLOFWORK SYSTEMS LP" (Kanada)- shag‘alni  qayta ishlash  loyihalaridir.

Ushbu loyihalar doirasida 43,2 mln. dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilib, har bir investitsiya loyihalari bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilgan.

– 2018 yilda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda viloyatda umumiy qiymati 407,99 mln. AQSh dollarlik 50 ta xorijiy investitsiyani jalb qilish loyihasi ishlab chiqilgan, – deydi  viloyat Investitsiya  boshqarmasi Regional xorijiy investetsiyalarni shakllantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Nodir Burxonov. – Uning 365,81 mln. AQSh dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani tashkil etadi va  joriy yilda 295,6 mln. AQSh dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihalarni amalga oshirilishi 2 ming 650 ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Mazkur tadbirlar natijasi o‘laroq, umumiy qiymati 337 mln. dollarga teng bo‘lgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 2 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Bular, Janubiy Koreyaning "Shinwoo 21" LTD kompaniyasi bilan Payariq tumanida qiymati 85 mln. dollarlik zamonaviy issiqxona tashkil qilish, Qozog‘istonning “INVEST CONSALT AND NETWORK-ICAN MCHSH” kompaniyasi bilan Nurobod tumanida "Navoi Metal Mash" MChJ bilan birgalikda qiymati 250 mln dollarlik sement ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilish loyihalaridir.

Deputatlar tomonidan hududlarda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida tadbirkorlar uchun seminar treninglar tashkil etish, viloyatining investitsion imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan qulayliklarini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bilan tanishtirish yuzasidan takliflar berildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalar muhokama qilinib, O‘zLiDeP deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

    O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1559
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+