O‘zLiDeP tadbirkorlar uchun chinakam muloqot maydonini yaratmoqda

29.01.2018, 19:29

O‘zLiDeP tadbirkorlar uchun chinakam muloqot maydonini yaratmoqda

Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Prezidentimizning “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tabirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni belgilab berdi.

Prezidentimiz imzolgan mazkur farmon va qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkor va fermerlar o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat Bojxona boshqarmasi, Tovar xom ashyo birjasi Namangan viloyati filiali va Davlat Soliq boshqarmasi hamkorligida “Tadbirkorlar va fermerlar muloqot forumi” loyihasi doirasida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Farmonga asosan bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, agrar kompleksni rivojlantirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, oziq-ovqat bozori barqarorligiga tahdidlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, oziq-ovqat tovarlari importini qulay bojxona-tarif tartibga solish bo‘yicha choralarni belgilovchi “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishi ham ayni kunga qadar duch kelinayotgan to‘siqlarni bartaraf etishga, mamlakatda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq mahalliy fermerlarning, tadbirkorlik sub’ektlarining ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini eksport va import qiluvchilar, chet ellik investorlar va xorijiy hamkorlar bilan doimiy asosda muntazam ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarning tashkil etilishi nafaqat hamkorlik munosabatlarini mustahkamlaydi, balki o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

– Tan olish kerak, shu kunga qadar bozorlarda ayrim import qiluvchilarning ustun mavqega ega bo‘lishiga ular uchun individual imtiyoz va preferensiyalarning taqdim qilingani, ularning faoliyati uchun eksklyuziv sharoitlar yaratdi, – dedi “Tillaxon” xususiy korxonasi rahbari Odiljon Burxonov. – Bu esa boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining bozorga kirish imkoniyatlarini chekladi. Ishonamizki, ushbu farmon bilan bu boradagi muammolar hal qilinib, mamlakatimizda sog‘lom raqobat muhiti yanada rivojlanadi.

Davra suhbati davomida Prezidentimizning “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tabirlari to‘g‘risida”gi qarori iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot, xom ashyo va materiallar turlari bilan barqaror ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitida mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yanada oshirishi borasida ham so‘z yuritildi.

Tovar xom ashyo birjasi Namangan viloyat filiali mutaxassisi Jaxongir Shoraximovning ta’kidlashicha, mazkur qarorga asosan sement, shu jumladan sement klinkeri, asbest, qurilish oynasi, qora metallar prokati, yog‘och-taxta materiallari va ko‘mir kabi mahsulotlarni import qilib, birja savdolari orqali realizatsiya qilgan korxonalarga 2019 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan imtiyoz berilmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizda mazkur xom-ashyo materiallariga bo‘lgan taqchillikni kamaytirib, narxlarini tushishiga sabab bo‘ladi.    

Tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Tillaxon” xususiy korxonasi rahbari va Uychi tumanidagi “Namangan nasl servis” MChJ va tadbirkor Ma’rufxon Mo‘minov oziq-ovqat xavfsizligini taminlash, aholining arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirishdi.

 IBROHIM SATTAROV,

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi biznes tuzilmalar

va fermerlar bilan ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1403
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+