Hududdagi muammo va deputat mas’uliyati

30.01.2018, 16:47

Hududdagi muammo va deputat mas’uliyati

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidagi “Cheksaroy” mahalla fuqarolar yig‘inida uch kilometr masofadagi zovurlar o‘z vaqtida tozalanmagani oqibatida 200 dan ortiq xonadonlarda zaxlash yuzaga keldi.

Aholi tomorqalarida sizot suvlari chiqdi. Cheksaroyliklarni tashvishga solgan mazkur holat bilan tanishgan mahalliy Kengash deputati Ahmadjon Jo‘rayev tuman melioratsiya bo‘limiga deputatlik so‘rovi yubordi. Binobarin, deputat o‘ziga ishonch bildirib saylagan fuqarolarning xohish-irodasi, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal qilish bo‘yicha muayyan huquq va vakolatlarga ega.

Dastlab bu murojaatga tegishli mutasaddilar yuzaki qaradilar. Chunki joylardagi davlat idoralari vakillari, mansabdor shaxslarning barchasi ham tepsa-tebranmaslik, sansalorlik illatlaridan to‘la xalos bo‘lib, bugunning talabini his etib ishlayapti, desak, bir oz shoshgan bo‘lamiz. Zero, yuqoridagi holat buning dalilidir.

Biroq deputat chekinmadi, qishloq odamlarini qiynayotgan muammoni hal qilishga qat’iyat bilan kirishdi. Bu sa’y-harakat besamar ketmadi — deputat aralashuvi bilan hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi nazorati ostida hozirgi paytda Cheksaroydagi zovurlar yaroqli holga keltirilmoqda.

Xalq deputatlari Bag‘dod tumani Kengashiga “Sho‘roqer” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat etdi. Unda “Sho‘roqer” hamda “Do‘stlik” qabristonlarini ihotalash, atrofidagi elektr uzatkichlarni xavfsiz joyga ko‘chirish zarurligi bayon qilingandi. Mahalliy Kengash ishtiroki va faolligida bu muammoga yechim topildi. Homiylar biriktirilib, qabristonlar atrofi o‘raldi, obodonlashtirildi, elektr uzatkichlar olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili xalq deputatlari Bag‘dod tumani Kengashiga fuqarolardan yuzdan ziyod murojaatlar hamda takliflar kelib tushgan. E’tiborlisi, ularning aksariyati tegishli idoralar tomonidan o‘rganildi. Viloyat va respublika miqyosida hal etiladigan o‘ndan ortiq murojaatlar asosida takliflar ishlab chiqildi.

— Hududlarda ishsizlik muammosini bartaraf qilish, odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish uchun xususiy biznes hamda tadbirkorlikni rivojlantirish ayni muddaodir, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sohibjon Ismoilov. — Bag‘dod tumanida ham tadbirkorlikni kengaytirish uchun sharoit yetarli, muhimi, odamlarimiz omilkor. Masalan, hududda dastmolqovoq yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi o‘nga yaqin qishloqlar bor. Ayniqsa, Karimbobo, Oydinbuloq, Bordon, Matqulobod, Chekmirzaobod, Paxta, Cheksaroy kabi qishloqlar tomorqachilari katta tajribaga ega. Ularning aytishicha, o‘n sotix yerdan 

2 yarim mingta dastmolqovoq olish mumkin. Mahsulotning mahalliy bozordagi narxi o‘rtacha 3,5 ming so‘m. Undan yigirma turdan ortiq tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Agar bu xom ashyo talab yuqori bo‘lgan davlatlarga eksport qilinsa, uning narxi 5 AQSh dollarigacha ko‘tariladi.

Yoki tumanda takroriy ekin sifatida har yili uch yarim ming gektarda supurgi yetishtiriladi. Mahsulotning ichki bozordagi narxi 6 ming so‘m.

Qisqasi, Bag‘dod tumanida dastmolqovoq, supurgi sanoat usulida yetishtirilmasa-da, 2017 yili hudud dehqonlari 807 ming dollar qiymatida ushbu turdagi mahsulotlarni eksportga chiqardi. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Ahmadjon Jo‘rayevning aytishicha, mazkur yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmini oshirish, qayta ishlashga yo‘naltirilgan tadbirkorlik sub’ektlarini ochish uchun aniq takliflar tayyorlandi.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinadiki, Bag‘dodda mahalliy Kengash deputatlari imkon qadar aholining dardu tashvishlarini o‘rganib, “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ish olib borishga harakat qilishmoqda. Biroq viloyatdagi barcha tumanda ham shunday ijobiy o‘zgarishlar sezilayapti, deyish qiyin. Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar Buvayda, Quva, Farg‘ona, Rishton, O‘zbekiston, Beshariq, Yozyovon tumanlarida uyma-uy yurib, aholi bilan muloqot olib borganida, ko‘pchilikda e’tiroz uyg‘otayotgan minglab muammolaru dolzarb masalalar aniqlandi. Qizig‘i, ularning aksariyatidan o‘sha hududdan saylangan xalq vakillari bexabar.

Demak, mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada jonlantirish, ularda ishchanlik, o‘z-o‘zini tanqid qilish ruhini yaratish, deputat hamda senatorlar amaliy ishlari bilan faollik ko‘rsatmog‘i davr talabi bo‘lib qolmoqda.

Elyorjon EHSONOV,

«Xalq so‘zi» muxbiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1360
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+