Ishonchli vakil Jizzaxda “Kelajak liderlari” klubi a’zolari bilan uchrashdi

28.09.2021, 15:58

Ishonchli vakil Jizzaxda “Kelajak liderlari” klubi a’zolari bilan uchrashdi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodning Jizzax viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambek Uzakov Davlat xizmatlarini shakllantirish agentligi tashabbusi bilan shakllantirilgan “Kelajak liderlari” klubi a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda shuningdek,  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Feruza Nigmatova, O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi Erkin Xolmatov, mahalliy Kengash deputatlari, partiya viloyat Kengashi “Yoshlar qanoti” faollari, elektorat vakillari, yoshlar ishtirok etdilar.

Ma’lumki, mazkur  klub yoshlar orasidan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish, tashabbuskor, joylardagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etuvchi, rahbarlik lavozimlariga munosib yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida agentlikning viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, yoshlarning ta’lim olishlari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari, barcha sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun ko‘plab imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgani aytib o‘tildi.

Nomzodning Saylovoldi dasturida ham yoshlar masalasiga alohida o‘rin ajratilgani qayd etib o‘tildi. Jumladan, Cifatli ta’lim – inson kapitalini rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida qayd etilib, maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi. Buning uchun qo‘shimcha ravishda 7 mingdan ziyod yangi bog‘cha tashkil etilishi, oliy ta’limga qamrov darajasini 50 foizga yetkazish bilan birga, asosiy e’tibor ta’lim sifatini oshirishga qaratilishi, oliy ta’limda sifat va raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida 2026 yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkazilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

-  Saylovoldi dasturidagi har bir ustivor maqsad va vazifalarning hayotga joriy etilishi  yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishi bilan ahamiyatlidir, - deydi “Kelajak liderlari” klubi a’zosi Begzod  Musurmonov . – Misol uchun, nomzodning Saylovoldi dasturida ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish maqsadida 2030 yilga borib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish, kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobar, mehnat unumdorligini esa kamida 2 marta oshirish, 2026 yilga borib, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 67 foizdan 80 foizga, eksport hajmida esa 32 foizdan 60 foizga o‘sishi ta’minlash kabi strategik maqsad va vazifalar qo‘yilgan. Belgilangan bu marralarni zabt etish esa ko‘p jihatdan bilimli, kasb-hunarli, yuragida o‘ti bor yoshlarga bog‘liq. Chunki, Yangi O’zbekiston bunyodkorlari - yoshlardir.

Tadbir davomida ishtirokchilar jizzaxlik barcha yoshlarni  O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.

                          O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

matbuot xizmati

Teglar
  • Ko'rildi
    313
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+